AsosiyJamiyat

Hindistonda “Uzbek Food Festival” o`zbek milliy taomlari festivali ochildi

'Hindistonda “Uzbek Food Festival” o`zbek milliy taomlari festivali ochildi'ning rasmi

Hindistonda o`tkazilayotgan “Surajkund Mela” festivali doirasida 9 fevral kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va O`zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi hamkorligida tashkillashtirilgan “Uzbek Food Festival” o`zbek milliy taomlari festivalining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Festivalda xorijiy davlatlarning Hindiston Respublikasidagi elchixonalari va konsullik vakillari ishtirok etishdi. Hindistonning etakchi turistik kompaniya, mehmonxona va restoranlari vakillari o`zbek milliy taomlari va buxorolik san`atkorlar tomonidan tashkil etilgan konsert dasturidan bahramand bo`lishdi.

Ishtirokchilar festivalda namoyish etilgan o`zbek milliy taomlariga yuqori baho berib, Hindistonda o`zbek oshxonalarni ko`paytirish hamda restoranlar menyusiga milliy taomlarimizni qo`shishga oid takliflar berishdi.

Ta`kidlash lozimki, so`nggi yillarda xorijiy restoratorlar tomonidan o`zbek oshxonasiga bo`lgan qiziqish ortib bormoqda, xorijiy mamlakatlarda o`zbek taomlari tobora ommalashib bormoqda.

“Uzbek Food Festival” o`zbek milliy taomlari festivali Hindistondagi “The Societe” restoranida bo`lib o`tmoqda. Ushbu restoran direktori Praven Nayyar o`zbek taomlarini albatta o`z menyusiga kiritishini ma`lum qildi.

Ayni damda Buxoro viloyatidan tashrif buyurgan mashhur oshpazlar Bobur Samatov, Bobur Turdiev, Manuchehr Saidov va Sanjar Musinovlar hindistonlik hamkasblariga o`zbek taomlarini tayyorlashga oid mahorat darslarini o`tishmoqda.

Restoran rahbari Praven Nayyarning ta`kidlashicha, mazali va to`yimli o`zbek taomlari festivalga tashrif buyurayotgan mehmonlarga juda manzur bo`lmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi O`zbekistonning gastronomik turizm salohiyatini xorijiy davlatlarda keng targ`ib etayotgani natijasida o`zbek milliy taomlari dunyoning ko`plab restoranlari menyulariga kiritilmoqda.

Eslatib o`tamiz, “Uzbek Food Festival” o`zbek milliy taomlari festivali joriy yilning 1 fevral kuni boshlangan bo`lib, 16 fevralga qadar davom etadi. 

 

    Boshqa yangiliklar