AsosiyJamiyat

MDHda ham hali mavjud bo`lmagan noyob temir yo`l texnikasi O`zbekistonga keltirildi

'MDHda ham hali mavjud bo`lmagan noyob temir yo`l texnikasi O`zbekistonga keltirildi'ning rasmi

«O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan MDH mamlakatlari orasida yagona sanaladigan va Germaniyaning «KIROW ARDEL GmbH» zavodida ishlab chiqarilgan MULTI TASKER KRC 1200UZ nomli so`ngi rusumdagi ko`p tarmoqli ko`tarma mexanizm (kran) sotib olindi. Bu haqda “O`zbekiston temir yo`llari” Axborot-tahliliy media markazi xabar berdi.

Ushbu texnika qismlarga bo`linib temir yo`l orqali Polsha, Belarus, Rossiya va Qozog`iston davlatlari orqali Leyptsigdan Toshkentga keltirildi. 

Mazkur ko`tarma mexanizm «To`qimachi» stansiyasi hududidagi «Tiklash poezdi» korxonasida germaniyalik va o`zimizning temiryo`lchi mutaxassislar tomonidan 7 kun davomida yig`ilib, belgilangan tartibda dastlabki sinovdan o`tkazildi. Barcha sinov natijalariga ko`ra kranning texnik ko`rsatkichlari belgilangan talablarga to`liq javob berdi. Shundan so`ng yangi mexanizm «Qo`qon mintaqaviy temir yo`l uzeli» unitar korxonasi tasarrufidagi «Tiklash poezdi» korxonasiga etkazildi.

– Tarmoq tasarrufidagi 13 ta «Tiklash poezdi» korxonasi mamlakatimiz temir yo`llarining tog`li va cho`l zonalarida joylashgan bo`lib, temir yo`l tizimida sodir bo`lishi mumkin favqulodda holatlarda xizmat ko`rsatishga kechayu-kunduz tayyor turadi, – deydi «O`zbekiston temir yo`llari» AJning Texnik va texnologik nazorati boshqarmasi boshlig`ining ko`tarma inshootlar bo`yicha muovini Hasan Matiev. – Buning uchun korxonalar tajribali mutaxassislar va zamonaviy texnikalar bilan to`liq ta`minlanmoqda. Germaniyadan keltirilgan ko`tarma mexanizmi ham uchastka yo`llaridagi nosozliklarni bartaraf etib, sodir bo`lishi mumkin bo`lgan avariya holatlarini qisqa fursatda bartaraf etishda juda qo`l keladi. Ushbu zamonaviy texnika «Qo`qon mintaqaviy temir yo`l uzeli» unitar korxonasi hududidagi uchastka yo`llari uchun foydalanilib, Qo`qon «Tiklash poezdi» korxonasi balansida bo`ladi. 

Bugungi kunda temir yo`llari mavjud bo`lgan xar qanday mamlakat uchun bu kabi ilg`or texnikaga talab bor. Chunki, ushbu noyob texnika qulayligi va afzalligi, favqulodda holatlarda sodir bo`lgan avariya holatlarini qisqa fursatda bartaraf etish imkonini beradi. Mazkur zamonaviy mexanizm Angren – Pop yo`nalishidagi 19,2 kilometrlik temir yo`l tunneli xavfsizligi uchun foydalanilishi hamda«Qo`qon mintaqaviy temir yo`l uzeli» unitar korxonasi hududlaridagi temir yo`l liniyalaridgi avariya holatlarini bartaraf etishga, tog`li hududlarda, cho`l zonalarida ishlashga mo`ljallangan.

Mutaxassislarning aytishicha, mazkur kran mamlakatimiz temir yo`llaridagi mavjud ko`tarma mexanizmlarga qaraganda joylarda o`rnatilishi jihatidan 2 barobar kam vaqt oladi. Misol uchun eski texnikalarni o`rnatish va ishlatish uchun 1 soat vaqt ketgan bo`lsa, ushbu zamonaviy texnikani o`rnatish ishlari uzog`i bilan 30 daqiqani talab etadi. Barcha jihozlar elektronlashtirilgan bo`lib, texnika faoliyati, ko`tarma jarayonining kechishi va hatto ko`tarilayotgan yuk og`irligini monitorda ko`rsatiladi. Shu bilan birga o`z o`qi atrofida 360 gradusga aylanib, mo`ljallangan yuklarni kerakli holatga qo`yish xususiyatiga ega. Yana bir muhim jihat, avvalgi kranlarning faol ishlashi uchun 380 V elektr energiyasi talab etilardi. Yangisi esa dizel yonilg`isida o`t oldirilgach, barcha qurilmalar gidravlik xususiyatga ega va ko`tarma ishlarini 24 V elektr energiyasi bilan amalga oshiradi. Zamonaviy texnika elektrovozlarga ulangach, soatiga 100 kilometrgacha tezlikda harakatlanishga mo`ljallangan. Bu esa favqulodda holatlarda ko`tarma mexanizmni avariya sodir bo`lgan hududga zudlik bilan etkazish imkoniyatini beradi.

 Mazkur zamonaviy texnikadan foydalanish uchun Qo`qon tiklash poezdining 6 nafar mutaxassisi Germaniya davlatida 10 kun mobaynida malaka oshirib qaytdi. Shartnoma kelishuviga ko`ra 2 yil davomida ushbu texnikaga germaniyalik mutaxassislar tomonidan bepul serviz xizmat ko`rsatiladi. Ko`tarma mexanizm Qo`qon tiklash poezdi korxonasiga etgazilgach, Germaniyadan kelgan 4 nafar mutaxassis ushbu texnikadan foydalanadigan kran mashinistlariga qo`shimcha o`quv-mashg`ulotlari o`tkazishdi. Yana bir e`tiborga molik jihat: ushbu texnika nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari temir yo`llarida balki, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi davlatlari orasida ham birinchi bo`lib O`zbekiston temir yo`llarida foydalanmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar