AsosiyJamiyat

Sudga bosim o`tkazishga hech kim haqli emas

'Sudga bosim o`tkazishga hech kim haqli emas'ning rasmi

“Sud biron-bir mansabdor shaxsning qo`li etadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo`l qo`ymaslik shart. Shu sababli ularning sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o`tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Konstitusiya kunida aytgan bu fikrlari bejiz emas, albatta. Zero, sudya faqat qonunga asoslanib qarorlar chiqarsagina adolat ta`minlanadi.

Bosh qomusimizning 112-moddasida ham “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo`ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo`l qo`yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi”, deb qayd etilgan.

Shuni yodda tutish kerakki, sud – mustaqil hokimiyat. U kimningdir fikri va talabi bilan ish tutmaydi. Sud faqat qonunga tayanadi, dalillarga asoslanadi.

Albatta, demokratik huquqiy davlatni so`z erkinligi, ya`ni fikrlar xilma-xilligi tamoyilisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Taraqqiy etgan davlatlarda so`z erkinligi va fikrlar xilma-xilligi taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch sifatida yuksak qadrlanishi ham shundan. Bu muhim omillar esa, o`z navbatida, qonun ustuvorligi tamoyiliga bo`ysunadi.

Biroq, so`z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini xayolga kelgan gapni aytish, birovni haqorat qilish, shaxs qadr-qimmati va sha`nini erga urish qabilida tushunish kalta bilimlikdan boshqa narsa emas.

So`z erkinligi yuksak mas`uliyat va madaniyat belgisidir. Bu tamoyilga hamisha hurmat bilan munosabatda bo`lish talab etiladi.

Bularni qayd etishdan maqsad shuki, keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim bloger va jurnalistlar tomonidan sudlar faoliyatiga asossiz va ko`r-ko`rona tosh otilayotgani, hatto haqoratomuz “post”lar qoldirilayotgani har bir sog`lom fikrli kishini befarq qoldirmaydi.

Ammo sud shunday jarayonki, unda kimdir yutsa, kimdir albatta, yutqazadi. Aslida, adolatni qaror toptirish tamoyili shuni taqozo etadi.

Masalan, aytaylik, biron-bir fuqaro ishi fuqarolik yoki ma`muriy sudda ko`rilib, yutqazgan bo`lsa, tartib bo`yicha yuqori sud instansiyasiga murojaat qilishi kerak. Lekin ko`p hollarda ular ommaviy axborot vositalari va blogerlarga murojaat qilmoqda. O`z navbatida, ular sudda yutqazgan tarafning vajlarini batafsil o`rganib ham o`tirmay chop etayotir.

Yutqizgan taraf shunday yo`l tutsam, muammoim hal bo`ladi, deb o`ylaydi. Aslida bunday yo`l tutish to`g`ri emas. Bu ta`bir joiz bo`lsa, sudga bosim o`tkazish, uni chalg`itishdan boshqa narsa emas.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda ko`r-ko`rona chop etilayotgan shu kabi yolg`on xabarlar jamoatchilikning sudlar to`g`risidagi tasavvuriga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani sir emas.

Qonunda sudga murojaat qilish tartibi aniq belgilab qo`yilgan. Ya`ni fuqaro birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo`ldimi, marhamat, yuqori instansiya sudiga murojaat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, taraflarga sud hukmi yoki qarori o`qib eshittirilgach, raislik etuvchi tomonidan taraflar norozi bo`lgan taqdirda belgilangan muddatda yuqori turuvchi sudga apellyasiya yoki kassasiya shikoyati bilan murojaat qilish tartibi tushuntiriladi.

Mamlakatimizda sudlar ochiq-oshkor (yopiq sud majlislari bundan mustasno) faoliyat yuritadi. Sud jarayonlarida har kim bemalol ishtirok etishi mumkin. Ammo ayrim jurnalistlar sud jarayoniga ishtirok etarkan, hali sud hukmi yoki qarori o`qib eshittirilmay turib, bu haqda taxminiy munosabatlarini saytlarida e`lon qiladi. Bu ham – sudga, sudyaga bosim o`tkazishning bir ko`rinishidir.

Bu bilan sudyalar mutlaqo xato qilmaydi, degan fikrdan yiroqmiz, albatta. Besh qo`l barobar emas. Sudya ham muttasil ishlayotgan odam. Demak, u xato qilishi, kamchiliklarga yo`l qo`yishi mumkin. Xato qilganlarga qonun talabi nuqtai nazaridan chora ko`rilmoqda.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, sud ishiga asossiz aralashish, sudyani hurmat qilmaslik mavjud qonunlarga bepisandlik sifatida baholanishini unutmang.

Aziz OBIDOV, Oliy sud matbuot xizmati rahbari

    Boshqa yangiliklar