Xitoydan qaytgan farg`onalik talaba yigitning vafot etgani haqida internetda xabarlar tarqalgan edi. Bu haqda saytimizda ushbu holat yuzasidan Qo`qon shahar Bosh Davlat sanitariya vrachining rasmiy bayonoti e`lon izohi berilgandi.
Mazkur holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ham quyidagicha munosabat bildirdi:
"Joriy yil 5 fevral kuni Farg`ona viloyati O`zbekiston tumani Hayotobod qishlog`ida yashovchi, 2000 yilda tug`ilgan Abduqodirov Muhammadbobur Munavvar o`g`li o`zi istiqomat qiladigan uy hammomiga yuvinish uchun kirib ketib, bir necha soat davomida qaytib chiqmagan. Shundan so`ng uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishganida yigit jonsiz holatda yotganligi ma`lum bo`lgan.
Garchi fuqaro hammomdayoq hayotdan ko`z yumgan bo`lsa-da, yaqinlari Qo`qon shahar shoshilinch tibbiy yordam bo`limiga olib borishgan. Qabul diagnostika bo`limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko`rilganda, biologik o`lim allaqachon sodir bo`lganligi tasdiqlangan. Bu haqda darhol huquq-tartibot organlariga xabar berilgan va murda sud tibbiy ekspertizadan o`tkazish uchun Qo`qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan.Dastlabki sud tibbiy tekshiruvidan o`tkazilganida marhumda is gazidan zaharlanishga xos bo`lgan maxsus spesifik belgilar aniqlangan.
Ma`lum bo`lishicha, M. Abduqodirov til o`rganish maqsadida Xitoy davlatiga borgan bo`lib, joriy yil 31 yanvar kuni Janubiy Koreya davlati orqali O`zbekistonga qaytib kelgan.
U yurtimizga qaytib kelgan kuniyoq O`zbekiston tumanidagi 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan va ikki haftalik nazoratga olingan bo`lib,unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan. Buni M. Abduqodirovning ambulator kartasidagi ma`lumotlar hamda yaqinlari bilan o`tkazilgan suhbat ham tasdiqladi.
Dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko`ra, M. Abduqodirovning o`limi is gazidan zaharlanish oqibati bo`lib, ayni paytda Xitoyda tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog`liqlik alomatlari aniqlanmadi".