2020 yilning 10 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan Zomin tumanining Dashtobod shaharchasidagi 50-umumta`lim maktabi o`quvchilarining mushtlashuviga oid videotasvirlarga Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati izoh berdi, deya yozdi O`zA.
Ushbu voqea 2020 yilning 5 fevral kuni Dashtobod shaharchasidagi Beruniy va Paxtakor mahalla fuqarolar yig`ini tutashgan hududda ro`y bergan. Tasvirlarda 50-umumta`lim maktabining 9-sinf o`quvchisi T.O`. hamda shu maktabning 10-sinfida o`qiydigan S.N.ning mushtlashuvi aks etgan. Yoshlar ittifoqi etakchisi B.M.ning janjalni bartaraf etish o`rniga bosh-qosh bo`lgani ham to`g`ri.
Mazkur holat yuzasidan B.M. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) asosida ma`muriy jazoga tortilgan. Janjalkash o`quvchilarning ota-onalariga nisbatan esa O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik kodeksining 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo`yicha ma`muriy bayonnoma tuzilgan.
Ushbu qonunbuzarlik maktab o`qituvchi va o`quvchilari hamda ota-onalar ishtirokida muhokama etilib, kelgusida bu kabi holatlarga yo`l qo`ymaslik bo`yicha tegishli chora-tadbirlar belgilangan.






