Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga, 1983 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, Z.A. ariza bilan murojaat qilib, o`z arizasida Bulung`ur tumani “Fozil Yuldosh” MFYda yashovchi, fermer hujaligida rais bo`lib ishlovchi “M” ismli shaxs, o`zining fermer xo`jaligiga qarashli er maydonidan fuqaro Z.A.ga baliqchilik bilan shug`ullanishi uchun 20 gektar er maydonini 300.000.000 (uch yuz million) so`mga sotishga kelishib, oldindan 50.000.000 (ellik million) so`m miqdordagi pullarni talab qilganligini ma`lum qilib, “M” ismli shaxsga nisbatan chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur arizaga asosan, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan Bulung`ur tumanida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida 1960 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, oliy ma`lumotli, 4 farzandning otasi, M.A. xizmat mavqeidan foydalanib ariza muallifi Z.A. dan 300.000.000 so`mdan 50.000.000 so`m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Bulung`ur tuman Ichki ishlar bo`limi huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan M.A.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarimizni korrupsiya, ta`magirlik, firibgarlik kabi jirkanch illatlarning qurboniga aylanib qolmaslik bo`yicha ogohlikka chaqiradi.






