Ijtimoiy tarmoqlarda “Albina Xarisova” nomli foydalanuvchi joriy yilning 15 fevral kuni Chilonzor tumani 18-mavzedagi ko`p qavatli uy liftida noma`lum shaxs qizga hujum qilgani, u baqirib yordam so`raganida qo`rqib qochib ketgani haqida xabar qoldirdi. Xabarda voqea joyiga kelgan profilaktika inspektori nazorat videokamerasidan noma`lum shaxs suratini olib ketgani va gumonlanuvchini topish choralarini ko`rmagani haqida aytilgan.
Mazkur holat bo`yicha Toshkent shahar IIBB quyidagilarni ma`lum qildi. 15 fevral kuni soat 12:00 larda Chilonzor tuman 5-IIO FMB profilaktika inspektori leytenant Sohib Yusupovga “Mehrjon” XUJMSh raisi yuz bergan hodisa haqida 18 yoshli L.S.ning onasi aytib berganlari bo`yicha ma`lum qilgan.
Inspektor L.S. bilan birgalikda nazorat kameralarini ko`rib, erkakni suratga olgan va hodisa haqida rahbariyatni ogohlantirgan. Bo`lim boshlig`i podpolkovnik D.Madiyorov ko`rsatmasi bilan erkakning ma`lumotlari Chilonzor tumani bo`ylab tegishli bo`limlarga etkazilgan.
IIBBning ma`lum qilishicha, 15 fevral kuni L.S. vaqti yo`qligini aytib, shikoyat yozmagan. “Mehrjon” XUJMSh raisi Xarisova ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimi tegishli chora ko`rmagani haqida post qoldirgan. Shundan so`ng, L.S.ga qonuniy chora ko`rish uchun shikoyat arizasi kerakligi tushuntirilgach, jabrlanuvchi ariza yozib bergan.
Hozirgi vaqtda gumonlanuvchining shaxsini aniqlash va qo`lga olish bo`yicha ishlar olib borilyapti.
Boshqarma gumonlanuvchi haqida biror ma`lumot bo`lsa, 71-232-30-40, 71-232-40-50 yoki 102 telefon raqami orqali xabardor qilishni so`ragan.
Erkakning belgilari: 25-35 yosh oralig`ida, bo`yi 170-180 sm, sochlari qora. Egnida qizil yo`lli qora triko, to`q-ko`k rangdagi kurtka, kulrang krossovka bo`lgan.






