AsosiyJamiyat

Bog`chaga qabul qilishning eng kichik yoshi qayta ko`rib chiqilishi mumkin

'Bog`chaga qabul qilishning eng kichik yoshi qayta ko`rib chiqilishi mumkin'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-sonli qaroriga asosan 2018 yil 1 apreldan boshlab, fuqarolar bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga joylashtirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilmoqda.

Hozirgi vaqtga qadar mazkur davlat xizmatidan foydalanish bo`yicha fuqarolardan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jami 1,564 mln. dan ortiq arizalar kelib tushgan bo`lib, shundan, 64 mingdan ortiq holatda fuqarolar ushbu davlat xizmatidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali on-layn tartibda foydalangan.

Ushbu davlat xizmatini ko`rsatishda Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan o`rganishlar jarayonida, vakolatli organ—maktabgacha ta`lim bo`limlari tomonidan bolalarni maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish jarayonida qator qonunbuzilishi holatlariga yo`l qo`yilayotgan, jumladan 2019 yil va 2020 yilning o`tgan davri mobaynida 4,6 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlangan.

Mazkur qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish, shuningdek kelgusida bu kabi holatlarga yo`l qo`yilishining oldini olish maqsadida, 20 ta taqdimnoma, 58 ta ogohnoma kiritilgan va 326 nafar mas`ul shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ma`muriy jazo choralari qo`llanilgan hamda 4 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Shunga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan davlat maktabgacha ta`lim muassasalarida ta`lim jarayonini boshqarish, bolalarni qabul qilish va navbatga qo`yish bo`yicha elektron tizim (OpenEmis dasturi asosida) ishlab chiqilgan bo`lib, tizim to`liq Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan ekspluatasiya qilinmoqda.

Biroq, shunga qaramasdan bu sohadagi davlat xizmatlarini ko`rsatishda OpenEmis dasturi asosida ishlab chiqilgan elektron tizimdagi mantiqiy va texnik muammolar sabab o`zgarishlar yuzaga kelmoqda.

Bundan tashqari, maktabgacha ta`lim muassasalariga navbatga qo`yishda alohida toifadagi shaxslarning farzandlariga keng imtiyozlar berilganligi hamda qabul qilishning eng kichik yoshi 3 yosh etib belgilangani ota-onalarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.

Yuqoridagilarga ko`ra, ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etish, xizmat ko`rsatish jarayonini sifatli va shaffof tarzda tashkil etilishini ta`minlash maqsadida, davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha barcha arizalarni xatlovdan o`tkazib, Maktabgacha ta`lim vazirligining axborot tizimlarini “blokcheyn” texnologiyalaridan foydalangan holda takomillashtirib, bolalarni navbatga qo`yish va yo`llanma rasmiylashtirish jarayonini inson omilidan holi ravishda to`liq avtomatlashtirish, davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga qabul qilishdagi imtiyozlarni va bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga qabul qilishning eng kichik yoshini qayta ko`rib chiqish maqsadga muvofiq bo`ladi.

Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga joylashtirishda shaffoflikni ta`minlashga va mazkur davlat xizmatini ko`rsatishning sifatini oshirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar