2025 yilga borib butun mamlakat bo`ylab majburiy tibbiy sug`urta joriy etiladi. 2021 yilda esa Sirdaryo viloyatida pilot sifatida sinovdan o`tkaziladi. Bu haqda 14 fevral, juma kuni Toshkentda Harakatlar Strategiyasining 3 yillik samarasi va 2020 yilga belgilangan ustuvor vazifalariga bag`ishlangan xalqaro forumda sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari Abduhakim XADJIBAEV ma`lum qildi.
Vazir o`rinbosari, shuningdek, o`tgan uch yil mobaynida sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan ishlarga to`xtalib o`tdi:
— O`tgan uch yil davomida sog`liqni saqlash vazirligi vazifalari 66 ta Prezident qaror, farmon va farmoyishlari, 111 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilab berildi. Aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish yo`lida quyidagilar amalga oshirildi:
2016 yilgacha aholiga birlamchi tibbiy yordam ko`rsatish asosan 3 300 ta QVPlarda amalga oshirilgan bo`lsa, uch yilda ularning soni 2 barobar kamaytirildi – hozirda 1840 ta qoldi, ammo kamaytirish hisobidan 793 ta qishloq oilaviy poliklinikalari, 186 ta shaharlarda oilaviy poliklinikalar, 441 ta tez tibbiy yordam podstansiyalari tashkil etildi.
Shoshilinch tez tibbiy yordam yo`nalishida 1650 ta zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari xarid qilindi. Tez tibbiy yordamga sarflanayotgan mablag`lar miqdori oshirildi. Agar 2016 yilda bitta chaqiriqqa o`rtacha 780 so`m ajratilgan bo`lsa, 2019 yilga kelib bu mablag` 5200-5800 so`mga etkazildi.
2019 yil oxiriga kelib, aholining doriga bo`lgan ehtiyojining 40 foizga yaqinini mahalliy dorilar qoplayapti, oldinda buni 60 foizga etkazish rejalashtirilgan.
2016 yilda sog`liqni saqlash sohasiga 5,5 trln. so`m ajratilgan bo`lsa, 2019 yilda 12,1 trln. so`m ajratildi. Tibbiyot xodimlarining maoshi ham oshirildi.






