Farg`ona shahrida yashovchi Umida Abdullaeva bundan 4 yil muqaddam Komil Abdullaevga turmushga chiqqanida kunlardan bir kun qaynonasi va erining qarindoshlari tomonidan o`g`irlikda gumonlanishi va ayblanishini qayoqdan bilibdi, deysiz?
Ammo baxtsizlikni qarangki, oxir-oqibat shunday bo`ldi. Ya`ni avvaliga ovsini, so`ng qaynonasi, keyinchalik esa, boshqa qarindoshlarining tilla taqinchoqlari yo`qolgach, Umidadan gumonsirashdi. Natijada Farg`ona shahar ichki ishlar bo`limi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Biroq tergov faqat bir maqsadga — U. Abdullaevani ayblashga qaratilgan. Oxir-oqibat jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudining 2019 yil 10 iyundagi hukmiga binoan, Umida Abdullaeva Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilgan. Sud hukmida qayd etilishicha, 2016 yil oktyabr oyida ovsini Go`zal Karimovaning yotoqxonasidan bir dona 560 000 so`mlik ayollar tilla uzugi, 2016 yil 23 dekabr kuni qaynonasi Jamila Toshpo`latovaning yotog`idan bir dona 1 200 000 so`mlik tilla uzuk va 100 000 so`mlik erkaklar kumush uzugi, 2016 yil 28 dekabr kuni esa, tikuvchi Madina Boboevaning uyidan 1 800 000 so`mlik tilla uzuk, 2017 yil 1 mart kuni qarindoshi Dilnoza Toshmatovaning yotoqxonasidan sirg`a, turli uzuklar, baldoq, bilakuzuk singari 12 140 000 so`mlik tilla taqinchoqlar, 2017 yil may oyida yana 2 nafar qarindoshi — Muqaddas Mirzaolimovaning uyidan 12 280 000 so`mlik tilla taqinchoqlar hamda Nazira Abdullaevaning yotog`idan 5 240 000 so`mlik uzuk, baldoq, tilla zanjir kabi qimmatbaho buyumlar yo`qoladi.
Qaynonasi va qarindoshlari bularning barchasi uchun Umidani o`g`irlikda ayblashadi. Binobarin, sud unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlab, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga binoan, hukm shartli hisoblanib, U. Abdullaeva sud zalida qamoqdan ozod etilgan. Ammo…
Ammo Umida sodir etilgan o`g`irlik yoki tilla taqinchoqlarning yo`qolishiga umuman daxli yo`q ekani, tergov organi va sud tomonidan asossiz ayblanganini ma`lum qildi hamda oqlov hukmi chiqarishni so`rab, kassasiya shikoyati bilan murojaat qildi.
Jinoyat ishini kassasiya instansiyasida ko`rish jarayonida tergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan Jinoyat-prosessual kodeksining hamda Oliy sud Plenumining tegishli qarori talablari buzilgani aniqlandi. Ya`ni sud jinoyat sodir etilishida kim aybdorligi va u bilan bog`liq barcha holatlarni tekshirmasdan, ish bo`yicha isbotlanishi lozim bo`lgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to`liq va xolisona tekshirib chiqmasdan ayolni asossiz ravishda ayblagan. Xususan, jinoyat ishida Umidaning onasi Oyshaxon Mo`minovaning tushuntirish xati mavjud. Boyaqish ona o`z tushuntirishida tilla taqinchoqlarni qizi o`g`irlagani va ularni shahar markazidagi tillo bozorida sotib, ehtiyoji uchun ishlatib yuborganini ma`lum qilib, o`g`irlangan taqinchoqlarning bahosini to`lashga va`da bergan. Biroq O. Mo`minova sud majlisida erkak qudasi «Agar milisiyaga xabar bersak, qizingizni qamab urishadi» degan gapidan qo`rqib tushuntirish xati yozib berganini bildirgan.
Tergov jarayonidagi tushuntirish xatida Umida Abdullaevaning o`zi ham buni tan olgan. Lekin hujjatlarda undan tushuntirish xati olgan xodimning ism-sharifi, sanasi ko`rsatilmagan. Qolaversa, U. Abdullaeva lotin alifbosida tahsil olgani holda tushuntirish xatini kirill alifbosida yozgan. Shuningdek, M. Siddiqjonov va D. Siddiqjonovalar faqat bir marta Umidadan oq ko`zli uzuk, nikoh uzugi sotib olishganini tergovchining ko`rsatmasi bilan yozishgani, sudlanuvchi tilla taqinchoqni tortishib-talashib, qattiq savdolashib sotgani, odatda, o`g`rilar tilla buyumlarni tortishmay sotib ketishi haqida guvohlik berishgan. Buning ustiga xo`jayini Komil Abdullaev ham U. Abdullaeva tillafurushlarga o`g`irlangan tilla ziraklarni emas, balki onasiga tegishli oq ko`zli uzukni sotgani, o`sha paytda uning yonida turganini ma`lum qilgan.
Bundan tashqari tergov jarayonida Umidadan 600 AQSh dollari va 1 500 000 so`m daliliy ashyo sifatida olingani, bular sotilgan tillo taqinchoqlarning puli ekanligi bayonnomada aks ettirilgan.
Ayblanuvchi esa, onasi Rossiyada ishlayotgan paytda o`ziga 800 AQSh dollari yuborganini bildirgan. Biroq O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Farg`ona viloyat bosh boshqarmasi 2017 yil 31 martga qadar U. Abdullaeva nomiga Rossiya Federasiyasidan 800 AQSh dollari yuborilmagani haqida 10-31/620-sonli ma`lumotnoma bergan. Umida esa, pullar 2017 yil aprel oyida yuborilganini, uni «Trastbank» XAB Farg`ona filiali orqali olganini ma`lum qilgan. Shu bois, kassasiya sudlov hay`ati bank filialiga so`rovnoma yuborgan. «Trastbank» XAB Farg`ona filialining 2019 yil 12 sentyabrdagi 01-05/348-sonli ma`lumotnomasida Umida Abdullaeva nomiga 2017 yil 21 aprelda Rossiya Federasiyasidan 800 AQSh dollari kelib tushgani bildirilgan.
Oliy Sud Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi «Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-prosessual qonuni normalarini qo`llashning ayrim masalalari to`g`risida»gi qarori 9-bandida jabrlanuvchi, guvohning faraz, taxmin, mish-mishlarga asoslangan ko`rsatmalari, shunigdek, jabrlanuvchi, guvoh o`zining xabardorligi manbasini aytib bera olmagan yoki aytishni xohlamagan hollarda bu dalil maqbul emas deb topilishi haqida tushuntirish berilgan.
Bunday holatda esa, shaxsni o`g`irlik jinoyati bilan ayblab bo`lmaydi. Ana shu asoslarga tayangan sud jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudining 2019 yil 10 iyundagi hukmini bekor qilib, Umida Abdullaevani aybsiz deb topdi va oqlov hukmi chiqardi.
Natijada tuhmatga uchrab, o`g`irlikda ayblangan kelinning yuzi yorug` bo`ldi.
Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida Umida Abdullaeva bilan suhbatlashdik.
— Menga qilingan nohaqlik tufayli juda ko`p azob chekdim. Onamning esa, qon bosimi oshadigan bo`lib qoldi. Biroq qaynona-qaynotam kelinlik seplarimni ham to`liq qaytarib bermadi. Shularni inobatga olib, 2020 yil 11 fevral kuni moddiy va ma`naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudiga da`vo ariza kiritdim, — deydi u.
Albatta, sud uning da`vo arizasini qonuniy tartibda ko`rib chiqadi.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu boradagi ezgu ishlar ko`lami 2020 yilda yanada kengayadi. Zero, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sudlar faoliyatining bosh mezonidir.
Rahmatjon ARAPOV,jinoyat ishlari bo`yichaFarg`ona viloyatisudining sudyasi,
Xurshid SULTONOV,jurnalist






