Birlashgan Millatlar Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) dunyo bo`ylab fuqarolarni iqlim o`zgarishi masalasiga e`tiborini jalb etish maqsadida “Mission 1.5” axborot kompaniyasini e`lon qildi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi tahlilchisi Feruza NOMOZOVA saytimizga xabar qildi...
— Yaqinda start berilgan mazkur kompaniya orqali dunyo bo`ylab 20 million kishi iqlim o`zgarishi to`g`risida o`z fikr-mulohazalarini bildira oladi.
Ma`lumot uchun:
BMTTD va uning hamkorlari tomonidan yaratilgan “Mission 1.5” kishilarni iqlim o`zgarishlariga qarshi kurashishga o`rgatuvchi onlayn platforma bo`lib, fuqarolar bilan hukumat vakillari va qonun ijodkorlari o`rtasida ko`prik vazifasini bajaradi. Hozirda global isish ko`rsatkichini 1,5 darajadan oshirmaslik maqsad qilib olinganligi bois kampaniya “Mission 1.5” deb atalgan.
Onlayn va mobil video-o`yin asosida qurilgan mazkur kompaniya barcha mamlakatlar, shu jumladan O`zbekistonni ham qamrab olgan. Iqlim o`zgarishini to`xtatishga yordam beruvchi echimlarni o`rganishning oson va qiziqarli usulini taqdim etadi. “Mission 1.5” mazkur global muammoga qarshi kurashish yo`lida fuqarolar hamda hukumatlarning sa`y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan.
Mobil o`yinlar yaratuvchi dasturchi-mutaxassislar, iqlimshunoslik va jamoatchilik fikrini o`rganish bo`yicha ekspertlar bilan hamkorlikda BMTTD tomonidan ishlab chiqilgan “Mission 1.5” o`yini ishtirokchilarga iqlim sohasining qonun ijodkorlari rolini o`ynash hamda global isish ko`rsatkichi 1,5 gradusdan oshirmasligi uchun kerakli chora-tadbirlarni qabul qilish imkonini beradi.
O`yin oxirida ishtirokchilardan iqlim bo`yicha qabul qilinishi zarur bo`lgan asosiy qarorlarga ovoz berish so`raladi. Mazkur ma`lumotlar tahlil qilinib, ko`pincha ushbu sohada jamoatchilik fikri bo`yicha ishonchli manbaa yaratish imkoniyati cheklangan hukumatlarga taqdim etiladi.
Xo`sh, BMTTD rahbari Axim Shtayner mazkur yangi loyiha haqida qanday fikrda: “Ushbu kompaniya yordamida biz xususiy va davlat sektoridagi sheriklarimiz bilan birgalikda iqlim inqirozini hal qilish borasidagi innovasion ikki tomonlama munozaralar orqali millionlab kishilar va ularning hukumatlari o`rtasida hamkorlik o`rnatish hamda joriy yil oxirida Glazgoda o`tkaziladigan COP26 iqlim o`zgarishiga doir muzokaralar oldidan maqsad-intilishlarimizni mustahkamlash imkoniyatiga egamiz”.
MARKAZIY OSIYo MINTAQASIDA IQLIM O`ZGARIShI QAY DARAJADA?
Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o`zgarishi misli ko`rilmagan darajada keskinlashib, iqtisodiy o`sish hamda taraqqiyotning jadallashuviga xavf solmoqda. So`nggi 30 yil ichida suv toshqini, qurg`oqchilik va muzliklarning erishi singari iqlim bilan bog`liq tabiiy ofatlar 50 ming kishining o`limiga sabab bo`ldi. Qariyb 25 million odamga ziyon keltirdi va 80 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdorda zarar etkazdi.
Bundan tashqari, mintaqadagi energiya ta`minotining 88 foizini qazilma yoqilg`ilar tashkil etadi. Iqtisodiy o`sish davom etib, dehqonchilik, transport va energiya quvvatiga ehtiyoj oshib borar ekan, mintaqa bo`ylab kamaygan uglerod chiqindilari miqdori yana ko`paya boshladi.
2020 yil iqlim o`zgarishi masalalariga bag`ishlangan COP26 BMT anjumani oldidan barcha mamlakatlar mazkur soha doirasida o`z majburiyatlarini qayta ko`rib chiqadilar va bu davr iqlim barqarorligiga erishishning navbatdagi bosqichiga yangi qadam bo`lib xizmat qiladi. “Mission 1.5” barcha fikr-mulohazalarni bir joyga jamlash vositasida fuqarolar va hukumat rahbarlari o`rtasida iqlim o`zgarishini cheklashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar to`g`risidagi muloqotni yo`lga qo`yadi.
Istalgan kishi “Mission 1.5” o`yinini www.mission1point5.org saytida o`ynab iqlim o`zgarishiga qarshi kurashda o`z hissasini qo`shishi mumkin.






