Kapital qurilishda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo`yicha tasdiqlangan Yo`l xaritasiga muvofiq Qurilish vazirligida “Shaffof qurilish” axborot tizimi mavzusidagi mahorat darslari tashkil etildi. Bu haqda Qurilish vazirligi axborot xizmati "Darakchi"ga xabar berdi.
Unda “Enterge” xorijiy kompaniyasi ekspertlari o`zbekistonlik hamkasblariga o`z tajribalarini o`rtoqlashishdi. Turkiyalik mutaxassislar “Pudrat tashkilotlarining reyting baholanishi”, “Qurilish jarayonida elektron monitoring tizimini qo`llash” hamda “Sohada professional malaka tizimini yaratish” mavzularida taqdimotlar qilishdi. Bu boradagi Turkiya tajribasidan misollar keltirib, mavzuga oid savollarga javob berildi.
–Mana ikki yildan buyon Toshkentda faoliyat olib borib, o`z xizmatlarimizni taklif etgan holda ko`plab qurilish loyihalarini amalga oshirib kelmoqdamiz, – dedi “Enterge” kompaniyasi rahbari Kemal Okumush. –Turkiyada kompaniyamiz tajribasi qurilish ishlari boshqaruvida samarali amaliyot sifatida munosib baholanadi. Xozirda O`zbekiston, ko`plab sohalarda, ayniqsa qurilishda ham taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichidan o`tmoqda. Aynan mana shunday muhim bir jarayonda va ayniqsa O`zbekiston hamda Turkiya davlatlari o`rtasidagi o`zaro do`stona hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashda ishtirok etayotganimiz bizga faxr va iftixor bag`ishlaydi.
O`ylaymanki, muhtaram Prezident Shavkat Mirzieyovning Turkiyaga rasmiy tashrifi har ikki davlalar o`rtasidagi iqtisodiy, madaniy va siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlaydi.
Ma`lumot o`rnida: joriy 2020 yilda Qurilish vazirligi sohada shaffoflikni ta`minlash maqsadida tizimni to`liq raqamlashtirishga alohida e`tibor qaratmoqda va bu boradagi faoliyat yo`nalishlari aniq belgilab olingan:
1-Geoaxborot tizimi. Bu tizimga O`zbekiston Respublikasining shaharsozlik genplanlari joylashtiriladi, u joriy yilning 1 martida ishga tushiriladi. Endilikda yurtimizda ish boshlamoqchi bo`lgan xorijiy investorlar qaerda qanday qurilish ishlarini olib borishlarini mumkinligini shu tizim orqali bemalol bilib olishlari mumkin bo`ladi.
2-Qurilish nazoratini to`liq raqamlashtiriladi. Bu bilan avvalo nazorat inspektorlariga qulaylik yaratiladi. Natijada nazorat yaxshilanadi. Ishning sifati oshib, unga bo`lgan vaqt sarfi ham anchagina kamayadi. Shuningdek, jarayon raqamlashtirilgandan so`ng vazirlik mutasaddilarining inspektorlar faoliyatini to`liq nazorat qilishiga erishiladi. Natijada korrupsiyani oldi olinib, jarayon shaffoflashadi. Bu o`z navbatida tadbirkor pudratchilar faoliyatini ham osonlashtiradi. Ortiqcha sarsongarchilik va qog`ozbozlikka barham beriladi.
Qurilish ekspertizasini raqamlashtirish deganda jarayon to`liq elektron tizimga o`tishi nazarda tutilgan. Bunda loyihachi masofadan turib, internet orqali loyihasini ekspertiza boshqaruviga jo`natadi. Mazkur tizimning qulayligi, bu loyihachilarni qo`lida qog`ozlari bilan sarson bo`lishini oldini olishi va vaqtini tejagan holda ishini tez bitirishiga ko`maklashishidadir. Yana bir muhim jihat bor, bunda loyihachi va uni ishini ko`rib chiqqan inspektor bir-birlarini ko`rmaydi va tabiiyki natijada korrupsiyaga yo`l qo`yilmaydi.
Ilg`or davlatlar tajribasini o`rgangan holda qurilish ishlarini tenderini yagona mukammal portalini ishlab chiqish zarurligi ham aytildi. 2020 yil iyul oyiga qadar rivojlangan xorijiy davlatlar mutaxassis konsultantlari bilan mukammal tender portalini ishlab chiqamiz. Natijada Davlat dasturlari yagona portal orqali raqamli shaklda bo`ladi, bu esa shaffoflikni ta`minlaydi.
Endilikda pudrat tashkilotlarning reytingi ishlab chiqilib, pudrat tashkilot ishchi muxandislari sifatini o`z ichiga oladigan reyting tizimi yaratiladi.