Kattaqo`rg`onda qasddan odam o`ldirganlik holati qayd etildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, kecha, 20 fevral kuni Kattaqo`rg`on tumanida yashovchi K.H. o`zaro oilaviy kelishmovchilik tufayli Kattaqo`rg`on shahrida joylashgan otasining uyida yashab kelayotgan turmush o`rtog`i B.M.ning oldiga mast holatda borib, o`g`lini ko`rsatmaganligi sababli o`zaro janjallashgan.
Janjal davomida K.H. o`zi bilan olib kelgan oshxona pichog`i bilan turmush o`rtog`i B.M.ni ko`krak, elka va qorin sohalariga jarohat etkazgan. Shu payt janjal ovozini eshitib, ularni ajratish uchun kelgan qaynotasi I.M.ni ham pichoq bilan ko`krak, qorin va elka sohalariga jarohat etkazgan paytida I.M.ning qo`shnilari voqea joyiga kelganlarini ko`rib, o`zining jinoiy harakatlarini oxiriga etkaza olmasdan voqea joyidan qochib ketgan.
B.M. va I.M. shifoxonaga olib borilib, ularga tibbiy yordam ko`rsatilganligiga qaramasdan B.M. olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Prokuratura xodimlari va tergov-tezkor guruh tomonidan voqea joyi ko`zdan kechirilib, qonga o`xshash dog`lari bilan ifloslangan pichoq va janjal vaqtida ularni egnida bo`lgan kiyimlar hamda boshqa ashyoviy dalillar olingan.
Kattaqo`rg`on shahar prokuraturasi tomonidan shu kuni JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi ko`zg`atilib, K.H. JPKning 227-moddasi tartibida ushlanib, himoya huquqi bilan ta`minlangan holda yaqin qarindoshlariga xabar berilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish bo`limi tomonidan olib borilmoqda.