AsosiyJamiyat

Tojikiston suv berayotgani uchun qo`shnilardan tovon kutmoqda

'Tojikiston suv berayotgani uchun qo`shnilardan tovon kutmoqda'ning rasmi

Bu haqida Tojikistonning Asiaplus internet nashri xabar qildi. Tojikiston o`zining suv zaxiralaridan foydalanayotgani uchun qo`shni davlatlardan tovon kutmoqda. Hozir ularning suvidan O`zbekiston, Turkmaniston va Qozog`iston foydalanadi.

Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri o`rinbosari Jamshid Shoimzodaning aytishicha, Sobiq I ttifoq paytida tojik suviga gaz, benzin va boshqa vositalar orqali tovon berishgan.

Vazir o`rinbosari bugungi kunda bu mexanizm ishlamayotganini aytgan. Lekin qo`shnilar bilan iliq munosabatlarni hisobga olib, qayta tiklanishiga umid bildirgan. Shu o`rinda qayd etish kerak, O`zbekiston Zarafshon daryosi bo`yida gidroelektrostansiya (GES) qurishni rejalashtirgan.

Hozir Tojikistonda Markaziy Osiyoning 65 foizdan ortiq suv zaxiralari bor. Har yili o`rtacha 64 mlrd. kub metr suv ishlatiladi, ammo Tojikiston shundan 17-20 foizidan foydalanadi xolos.

Bundan tashqari, tojik nashrlarining yozishicha, bu davlat Amudaryo va Sirdaryo transchegaraviy daryolaridan har yili olishi kerak bo`lgan milliardlab kubometr suvdan ham foydalanmaydi.

Markaziy Osiyoning suv xo`jaligini nazorat qilish bo`yicha hukumatlararo komissiyasi 2019 yilda Tojikiston uchun 12,7 mlrd. kub metr suvdan foydalanishni belgilagan. Lekin shundan tojik hukumati 10,7 mlrd. kubometr (8,6 mlrd. Amudaryo, 2,1 mlrd. Sirdaryo va Zarafshondan) suvdan foydalangan.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, transchegaraviy suv zaxiralari (Amudaryo va Sirdaryo) oqimi davlatlarda quyidagicha taqsimlangan:

Sirdaryo: O`zbekiston - 50,5%, Qozog`iston - 42%, Tojikiston - 7%, Qirg`iziston - 0,5%;

Amudaryo: O`zbekiston - 42,2%, Turkmaniston - 42,3%, Tojikiston - 15,2%, Qirg`iziston - 0,3%.

    Boshqa yangiliklar