Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro tuman sudi raisi Nozimjon JO`RAEVning xabar berishicha, Fuqaro FIB Romitan tumanlararo sudining 2009 yil 10 dekabrdagi sud buyrug`iga asosan qarzdordan undiruvchi foydasiga ikki nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta`minoti uchun farzandlari voyaga etguniga qadar oylik ish haqi va boshqa daromadlarning 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
U 2015 yil avgustdan 2019 yil yanvarga qadar aliment pullarini to`lashdan bo`yin tovlagani uchun Buxoro tuman ma`muriy sudining 2019 yil 23 yanvardagi qarori bilan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasiga asosan 15 sutka ma`muriy qamoq jazosini o`tagan bo`lsa-da, qarzdor o`ziga tegishli xulosa chiqarmay voyaga etmagan farzandlarini moddiy ta`minlashdan qasddan bo`yin tovlab kelgan.
Majburiy ijro byurosi Buxoro tuman bo`limi davlat ijrochisining 2019 yil 19 dekabrdagi aliment qarzini hisoblash to`g`risidagi qaroriga asosan qarzdor aliment qarzi 2015 yil avgust oyidan
2019 yil dekabr oyiga qadar jami 26.879.094 so`mni tashkil qilgan. Ma`muriy jazoga tortilganidan so`ng ham 2 oydan ortiq muddat mobaynida voyaga etmagan shaxsni moddiy ta`minlashdan qasddan bo`yin tovlab kelganligi aniqlangan.
Shu sababli, qarzdorga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ish sudga yuborilgan.
Jinoyat kodeksi 122-moddasining uchinchi qismida agar shaxs aliment majburiyatlari bo`yicha qarzdorlikni to`liq to`lagan bo`lsa, u javobgarlikdan ozod qilinishi belgilangan.
Sud majlisi jarayonida sudlanuvchiga yuqoridagi qonun talabi tushuntirilishi natijasida, qarzdor sobiq turmush o`rtog`iga 27 mln. so`m aliment pullarini to`liq to`lab berganligi sababli, jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro tuman sudining ajrimi bilan unga nisbatan JK 122-moddasining 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi aliment majburiyatlari bo`yicha qarzdorlik to`liq to`langanligi munosabati bilan tugatildi. Qarzdor javobgarlikdan ozod qilindi.