AsosiyJamiyat

Fransuz tili o`qituvchilari uchun Fransiyada bepul malaka oshirish imkoniyati yaratildi

'Fransuz tili o`qituvchilari uchun Fransiyada bepul malaka oshirish imkoniyati yaratildi'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi hamda Fransiya elchixonasi o`rtasidagi kelishuvga binoan 2020 yilda fransuz tili fani o`qituvchilari uchun tanlov asosida Fransiyada malaka oshirish imkoniyatini beruvchi grant dasturlari e`lon qilindi.

Shuningdek, Respublika ta`lim markazi maktablarda fransuz tili fanining nufuzini oshirish bo`yicha Fransiyaning O`zbekistondagi elchixonasi bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Ikki tomon hamkorligida “Ilm-ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” doirasida qator ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, o`quv yili davomida respublikamizdagi fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktablarning fransuz tili fani o`qituvchilari maqsadli o`quv-seminarlariga jalb etiladi. Shu bilan birga, o`quv yili yakunida fransuz tili fani o`qituvchilari uchun Samarqand shahrida “Yozgi ta`til” seminar-treninglarini tashkil etish ko`zda tutilgan.

Ayni paytda Respublika ta`lim markaziga elchixona tomonidan taqdim etilgan Fransiyada chop etilgan darslik va qo`llanmalarning uslubi, dizayni hamda yondashuvlari o`rganilib, yangi avlod darsliklarini yaratishda foydalanilmoqda.

Joriy yildan ilk marotaba fransiyalik ekspertlarni fransuz tilini o`qitish bo`yicha yangi o`quv materiallarini ishlab chiqarishga jalb etish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.

    Boshqa yangiliklar