Bugun, 2020 yil 25 fevral, O`zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O`zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan sobiq bosh prokuror Otabek Murodov hamda DXX sobiq raisi I. Abdullaev va uning o`rinbosari J. Igamovlarga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.
O`tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, etmishdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko`rsatmalari tinglanib, muhokama qilindi. Dastlabki tergov organi tomonidan to`plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to`liq o`rganib, sudlanuvchi O. Murodovni bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sudlanuvchi O. Murodovga nisbatan jazo chorasini belgilashda sud O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslandi.
Xususan, sudlanuvchining sodir etgan jinoyatlari uchun chin ko`ngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda faol yordam berganligi hamda jinoyat oqibatida etkazilgan zarar to`la qoplanganligi e`tiborga olindi.
Natijada, sodir etilgan jinoyat xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani kabi jazoni engillashtiruvchi holatlar e`tiborga olinib, O. Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sudning hukmiga ko`ra, I. Abdullaevga 19 yil, J. Igamovga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.






