Joriy yilning 24 fevral kuni Sirdaryo viloyati IIB YHXB YPX katta inspektori U.Eralov belgilangan taqsimot asosida Sirdaryo tumani hududida xizmat olib borayotgan vaqtida, haydovchi U.A. boshqaruvidagi “Tracker” rusumli transport vositasini o`rnatilgan tartibda to`xtatgan.
Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni tekshirish va muloqot jarayonida haydovchining og`zidan spirtli ichimlik hidi kelayotganligi ma`lum bo`lgan. Inspektor haydovchini mastlik holatini aniqlash maqsadida tibbiy ko`rikka taklif etgan. Tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan vaqtda haydovchining mastlik holatida ekanligi o`z tasdig`ini topgan.
Inspektor tomonidan o`rnatilgan tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo`yilgan.
Haydovchi U.A. avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga YPX katta inspektori U.Eralovga 2.000.000 so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif etgan.
Xodimning bildirgisiga ko`ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi U.A. YPX inspektori U.Eralovga 1.902.000 so`m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida qo`lga olingan.
Holat yuzasidan IIV O`XB Sirdaryo viloyati bo`yicha bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






