Xalq ta`limi vazirligi, Moliya vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan “Umumta`lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikasiya ro`yxatlarini shakllantirish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qo`shma qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Mamlakatimizda xalq ta`limi tizimini tubdan isloh qilish va umumta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar mehnatiga munosib haq to`lash mexanizmini takomillashtirish bo`yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining “2020 yil O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonuniga muvofiq 2020 yildan boshlab, umumiy o`rta ta`lim maktablari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarini Xalq ta`limi vazirligi orqali respublika byudjetidan amalga oshirilishi belgilangan bo`lib, bugungi kunda ushbu mexanizm amaliyotga joriy etilmoqda.
Ayni paytda umumta`lim muassasalari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlari hamda ish haqidan ajratmalarni belgilangan me`yoriy hujjatlar asosida to`g`ri to`lanishi va hisoblanishini ta`minlash muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Qaror loyihasi bu masalani echish bilan birga tizimdagi mavjud huquqiy bo`shliqni ham bartaraf etadi.
Shu munosabat bilan ish haqi to`lash jarayonini shaffof tizim asosida amalga oshirish maqsadida o`qituvchilarning tarifikasiya ro`yxatlarini “UzASBO” dasturiy majmuasida avtomatlashtirilgan tarzda shakllantirish yo`lga qo`yilmoqda.
Bugungi kunga qadar umumta`lim muassasalari o`qituvchilarining tarifikasiya ro`yxatlarini shakllantirish tartibi mavjud emas edi.
Mazkur qaror loyihasi umumta`lim muassasalarining amaldagi tarifikasiya ro`yxatida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, pedagog xodimlarning oylik maoshlarini to`g`ri belgilanishini yanada takomillashtirish maqsadida shaffof mexanizm asosida, zamon talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.
Unga ko`ra, umumta`lim muassasalarining tarifikasiya ro`yxatini to`liq avtomatlashtirish orqali sinflarda jamlangan o`quvchilar hamda pedagog xodimlari to`g`risidagi ma`lumotlar, ularga biriktirilgan dars soatlari, belgilangan ustamalar, shuningdek tarifikasiya ro`yxatini shakllantirish mexanizmi yaratiladi.
Bundan tashqari, amaldagi hujjatlarda dars soatlarini taqsimlash bo`yicha hech qanday me`yor talablari belgilanmagan. Natijada, muassasa rahbari yoki pedagogik kengash dars soatlarini istalgan o`qituvchiga noma`lum mezonlar asosida biriktirar (taqsimlar) edi. Bu esa o`qituvchilar orasida tushunmovchiliklar va norozilik holatlarni yuzaga keltirmoqda. Qolaversa, o`quvchilarning sifatli ta`lim olishiga ham salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.
Qaror loyihasi bilan mazkur huquqiy bo`shliqni bartaraf etish bo`yicha aniq me`yoriy mexanizm joriy etilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yilning 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo`lgan, o`z ishida aniq natijalarga erishgan o`qituvchilarga yuqori maosh to`lash tizimini joriy etilishi ta`kidlab o`tilgan.
Mazkur mexanizmni amaliyotga joriy etish hamda o`qituvchilarning ish haqi miqdorlarini oshirish maqsadida hujjat bilan dars soatlarini biriktirish (taqsimlash)da aniq ko`rsatkichlar belgilanadi.
Jumladan, qaror loyihasi bilan dars soatlarini quyidagi ketma-ketlikdagi ko`rsatkichlar asosida taqsimlash taklif etilmoqda:
a) xalqaro olimpiadalar g`oliblarini tayyorlagan o`qituvchilar va ta`lim muassasalarida o`qituvchi bo`lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g`oliblari;
b) asosiy olimpiadalarning respublika, viloyat va tuman bosqichi g`oliblari o`qituvchilari va ta`lim muassasalarida o`qituvchi bo`lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalar g`oliblari;
v) respublika bosqichidagi ko`rik tanlovlarda (yil o`qituvchisi) o`rinlarga ega bo`lgan o`qituvchilar;
g) oliy malaka toifaga ega o`qituvchilar;
d) birinchi malaka toifaga ega o`qituvchilar;
e) ikkinchi malaka toifaga ega o`qituvchilar;
yo) pedagogik yo`nalish bo`yicha magistr darajasiga ega o`qituvchilar;
j) oliy ma`lumotga (toifasiz) ega o`qituvchilar;
z) qayta tayyorlash bo`yicha diplomga ega o`qituvchilar;
l) oliy ma`lumotli o`qituvchilar bilan ta`minlanguniga qadar vaqtinchalik o`rta maxsus ma`lumotga ega o`qituvchilar;
m) pedagogik yo`nalish bo`yicha 4-bosqich talabalari;
n) oliy ma`lumotli o`qituvchilar bilan ta`minlanguniga qadar vaqtinchalik umumta`lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo`yicha rahbar xodimlariga.
Bunda umumta`lim muassasalarining o`qituvchilariga bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yo`l qo`yilmaydi.
Qaror loyihasi sinflarni komplektlash masalasini ham qamrab olgan. Hujjat bilan umumta`lim muassasalari sinflarining o`quvchilar sonidan kelib chiqib, quyidagicha komplektlanadi:
shahar hududi va tuman markazlarida 25-35 nafargacha;
qishloq hududlarida 20-35 nafargacha (olis hududlarda joylashgan umumta`lim muassasalari bundan mustasno).
Kam komplektli umumta`lim muassasalarida (filiallarda) boshlang`ich sinf o`quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
o`quvchilar soni 8 nafargacha bo`lgan I — IV sinflar;
o`quvchilar soni 12 nafargacha bo`lgan uchta boshlang`ich sinf;
o`quvchilar soni 24 nafargacha bo`lgan ikkita boshlang`ich sinf (I va III, II va IV sinflar).
Namunaviy loyihalar bo`yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, o`quvchilar soni etarli bo`lmagan umumta`lim muassasalarida, olis (tog`li, cho`lli) aholi yashash punktlarida joylashgan umumta`lim muassasalarida, shuningdek o`zbek tilida o`qitilmaydigan umumta`lim muassasalarida o`quvchilar soni sinflarni to`ldirishning o`ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, xalq ta`limi bo`limlari va moliya bo`limlari bilan kelishilgan holda belgilash taklif etilmoqda.
Umumta`lim muassasalari sinflar komplektlarini shakllantirishda quyidagi me`yorlarga rioya etilishini ta`minlash rejalashtirilgan:
sinfdagi o`quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi;
umumta`lim muassasasining shahar, qishloq va olis hududda joylashganligi;
sanitar qoida va me`yorlariga amal qilinishi;
sinflar bo`yicha jami o`quvchilar soni jumladan, qiz bolalar sonini to`g`ri shakllantirilishi;
inklyuziv ta`lim va yakka tartibda uyda ta`lim oladigan o`quvchilar sinflar komplektiga kiritilishi.
O`quv yilining birinchi yarim yilligi yakuni bo`yicha har yili yanvar oyida umumta`lim muassasalarining o`quvchilari sonidan kelib chiqib, sinf komplektlari qayta ko`rib chiqilishi va o`zgartirilishi mumkin. Bunda o`quvchilar soni belgilangan me`yordan kamayib ketgan holda sinf qisqartiriladi, belgilangan me`yordan oshib ketganda esa qo`shimcha sinf tashkil etiladi.
Qo`shma qaror loyihasi bilan ushbu havola https://regulation.gov.uz/ru/document/13944 orqali tanishishingiz va o`z takliflaringizni qoldirishingiz mumkin. Qaror loyihasining muhokamasi 2020 yilning 11 mart kuniga qadar davom etadi.






