2020 yil 06 fevral kuni Zafarobod tumanida yashovchi 51 yoshli A.U. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda o`zining uyidan bir bosh qora molini o`g`irlab ketilganligini ma`lum qilgan. Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (uy-joyga g`ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o`g`irlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, mazkur jinoyatni Arnasoy tumanida yashovchi 30 yoshli Sh.X., 29 yoshli A.K. va B.Yo.,lar sodir etganliklari aniqlangan. Ushbu 3 nafar g`araz niyatli shaxslar Zafarobod tumaniga “Nexia” rusumli avtomashinada kelishgan va ko`prikning pastki tomoniga to`xtab, katta ariq ustidan o`tuvchi truba orqali A.U.,ning yashash xonadoniga kirib, molxonasida bo`lgan bir bosh qoramolini avtomashina yukxonasiga joylashtirib yashirin ravishda o`g`irlab, qoramolni 2.000.000 so`mga sotib yuborganliklari aniqlangan.
Jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, o`g`irlangan qora mol jabrlanuvchiga qaytarib berilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.






