Mehnat shartnomasi ko`p hollarda taraflarning kelishuviga ko`ra yoki taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinadi. Tahririyatimizga kelayotgan murojaatlardan xulosa qilsak, asosan ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgani tarozi pallasi toshini ko`proq bosyapti. Ayrim hollarda aksariyat tashkilot, korxona va muassasalar mutasaddilarining amaldagi mehnat qonunchiligi talablarini bilmasligi yoki rioya qilmasligi oqibatida xodimlarning mehnat huquqlarini buzyapti. Xodimlar ham huquqiy savodi etarli bo`lmagani bois mehnat huquqlarini himoya qilolmayapti. Aslida ish beruvchilar qaysi holatlarda xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega? Savollarga javob olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Gulnora PARPIEVAga murojaat qildik...
— Ish beruvchining tashabbusi bilan quyidagi holatlarda mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin:
- texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o`zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilgani;
- xodimning malakasi etarli bo`lmagani yoki sog`ligi holatiga ko`ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo`lib qolishi;
- xodimning o`z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi;
- xodimning o`z mehnat vazifalarini bir marta qo`pol ravishda buzgani;
- o`rindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi munosabati bilan, shuningdek, mehnat shartlariga ko`ra o`rindoshlik ishi cheklanishi sababli o`rindoshlar bilan;
- korxona rahbari, uning o`rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxona bosh buxgalter lavozimi bo`lmagan taqdirda esa bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli;
- xodimning pensiya yoshiga to`lgani, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo`lganda.
Aytib o`tish joiz, Mehnat kodeksining 237-moddasi talabiga ko`ra, homilador va
3 yoshga to`lmagan farzandi bor ayollar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko`ra bekor qilishga yo`l qo`yilmaydi.
— Tahririyatimizga kelayotgan murojaatlarda sudga murojaat qilish muddati o`tgani vaji bilan da`vogarning arizasi qabul qilinmayotgani holatlari juda ko`p... Aslida bu masalada murojaat qilish muddati qancha?
— Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qat`i nazar, ishga tiklash to`g`risida, mehnat shartnomasini bekor qilish vaqti va asoslari ta`rifini o`zgartirish to`g`risida, majburiy progul yoki kam haq to`lanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq to`lashga doir nizolar bevosita tumanlararo (shahar) sudlarida ko`riladi. Da`vo arizalari javobgar, ya`ni ish beruvchi joylashgan hududdagi sudga beriladi.
Sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
- ishga tiklash nizolari bo`yicha xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab 1 oy;
- xodim tomonidan ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararni to`lash haqidagi nizolar bo`yicha zarar etkazilgani ish beruvchiga ma`lum bo`lgan kundan boshlab 1 yil;
- boshqa mehnat nizolari bo`yicha xodim o`z huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo`lgan kundan boshlab 3 oy.
Xodimning sog`lig`iga etkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo`yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.
Sudga murojaat qilish muddati o`tgani vaji bilan da`vo arizani qabul qilmasligi qonunga xilof. Fuqarolik kodeksining 153-moddasi 2-qismiga asosan da`vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qo`llanadi.
Mehnat kodeksining 277-moddasi va Soliq kodeksining 329-moddasiga asosan xodimlar mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo`yicha sudga murojaat qilganlarida sud xarajatlarini to`lashdan ozod qilinadi. Shu bilan birga da`vo ariza sud tomonidan qanoatlantirilgan bo`lsa, davlat boji javobgardan undiriladi.
— Aksariyat hollarda da`vogarlar ishdan bo`shash arizasini bosim ostida yozganliklarini bayon qilishadi. Bunday holatda da`vogar qanday yo`l tutishi kerak?
— To`g`ri, shunday vajlar qilishadi. Bunda da`vogar holatni sudda isbotlab berishi shart. Shuningdek, ko`p hollarda xodim arizada “meni o`z vazifamdan ozod etishingizni so`rayman”, deb yozadi-yu, qaysi sanadanligini ko`rsatmaydi. Ish beruvchi esa ertasi kuniyoq Mehnat kodeksining 99-moddasi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqida buyruq chiqaradi. Qonunda esa xodim
2 hafta ichida ishdan bo`shash arizasini qaytarib olishi mumkinligi belgilangan. Yuqoridagi holatga ko`ra, xodim bu imkoniyatdan mahrum bo`ladi.
Darvoqe...
- Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.
- Ish beruvchi aybi bilan mehnat daftarchasini berish kechiktirilsa, u holda butun kechiktirilgan davr uchun xodimga o`rtacha oylik ish haqi to`lanadi. Bunday holda ishdan bo`shash kuni, mehnat daftarchasi berilgan kun hisoblanadi. Ishdan bo`shagan kunining yangi sanasi to`g`risida buyruq berilib, xodimning mehnat daftarchasiga yozib qo`yiladi. Bo`shagan kuni to`g`risida ilgari kiritilgan yozuv, belgilangan tartibda bekor qilinadi.
- Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim ishda bo`lmagan taqdirda, ish beruvchi o`sha kuniyoq unga pochta orqali mehnat daftarchasini olib ketish to`g`risida ogohlantiruvchi xabarnoma jo`natadi.
— Respublika FIB sudlari tomonidan 2019 yilda 4 233 tasini mehnat nizolariga oid ishlar ko`rilgan. Yil mobaynida 775 nafar xodimning sud qarori asosida ishga tiklangan, 873 ta xodimning ish haqi undirib berilgan.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi