YoXUD QAYSI HOLATLARDA RAD ETILADI?
Gazetamizda ogohlikka chorlash maqsadida jinoyat ishi tafsilotlarini berish barobarida fuqarolarning huquqiy organlarga murojaat qilish tartiblari haqida ham ma`lumotlar berib boramiz. Tahririyatimizga kelayotgan murojaatlar orasida jinoyat ishini qo`zg`atish rad etilayotgani, qo`shimcha dalillar qabul qilinmayotgani borasidagi muammolar mavjudligi ayon bo`lyapti. Mazkur holatni inobatga olgan holda bu borada batafsil ma`lumot olish maqsadida Bosh prokuratura bo`lim prokurori Sherali MAHMUDOVga murojaat qildik...
JINOYaT BELGILARI NIMALARDAN IBORAT?
Jinoyat belgilari quyidagilar:
1. Qilmishning ijtimoiy xavfliligi bu – sodir qilingan qilmish jinoyat qonuni bilan qo`riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar etkazishi yoki shunday zarar etkazish real xavfini tug`dirishi mumkinligini anglatadi.
2. Qilmishning huquqqa xilofliligi deganda, sodir qilingan qilmishning jinoyat qonuni bilan taqiqlanganligini anglatadi.
3. Qilmishda aybning mavjudligi deganda, sodir qilingan qilmish qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilgandagina jinoyat deb topilishini anglatadi.
4. Qilmishning jazoga sazovorligi deganda esa sodir qilingan qilmish uchun JK Maxsus qism moddalarida nazarda tutilgan jazo choralarining tayinlanishi mumkinligini anglatadi.
Jinoiy javobgarlik asosi deganda, shaxsni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish uchun isbotlanishi lozim bo`lgan holatlar majmui tushuniladi.
Jinoiy javobgarlik asosini sodir qilingan qilmishda JKda nazarda tutilgan jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjudligi jinoiy javobgarlik asosini tashkil qiladi.
JINOYaT IShI QO`ZG`ATIShDA QANDAY ASOSLARGA TAYaNILADI?
— Jinoyat ishini qo`zg`atish bosqichi jinoyat prosessining birlamchi va ajralmas bosqichidir. Bu bosqichda asosiy vazifa jinoyat to`g`risidagi dastlabki xabarlarni ko`rib chiqish va jinoyat ishini qo`zg`atish yoki qo`zg`atishni rad qilish uchun zarur bo`lgan bir qator muhim masalalarni hal qilish hisoblanadi.
Jinoyat-prosessual kodeksining 322-moddasida jinoyat ishini qo`zg`atish sabablari va asoslari keltirib o`tilgan. Unga ko`ra, jinoyat ishini qo`zg`atish uchun quyidagilar sabab bo`ladi:
1. Shaxslarning arizalari;
2. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar bergan xabarlar;
3. OAV bergan xabarlar;
4. Jinoyat sodir etilganligini ko`rsatuvchi ma`lumotlar va izlarni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, shuningdek, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning bevosita o`zi aniqlashi;
5. Aybini bo`yniga olish haqidagi arz.
Jinoyat belgilari mavjudligini ko`rsatuvchi ma`lumotlar jinoyat ishini qo`zg`atish uchun asos bo`ladi.
RAD ETISh TALABLARI QANDAY?
— Jinoyat-prosessual kodeksining 330-moddasiga asosan, jinoyatga oid ma`lumotlar olingan yoki bunday ma`lumotlar bevosita aniqlangan har bir holda quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
1. Jinoyat ishini qo`zg`atish haqida;
2.Ishni qo`zg`atishni rad qilish haqida;
3. Ariza yoki xabarni tergovga tegishliligiga qarab yuborish haqida.
Jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish to`g`risidagi qaror JPKning 83-moddasi 1 va 2-bandlarida ya`ni,
► ish qo`zg`atilgan va tergov harakatlari o`tkazilgan ish bo`yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo`lsa;
► gumon qilinuvchi, ayblanuvchi qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmasa;
► 84-modda birinchi qismining 1, 3 — 8-bandlarida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, ya`ni shaxsni javobgarlikka tortish muddati o`tgan bo`lsa;
► ayblanuvchi, sudlanuvchi vafot etgan bo`lsa;
► shaxsga nisbatan aynan shu ayblov bo`yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo`lsa;
► shaxsga nisbatan aynan shu ayblov bo`yicha ishni tugatish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan ajrimi (qarori) yoki vakolatli mansabdor shaxsning jinoyat ishi qo`zg`atishni rad etish yoxud ishni tugatish haqida bekor qilinmagan qarori bo`lsa;
► ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qo`zg`atiladigan hollarda uning shikoyati bo`lmasa;
► shaxs ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan paytda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo`lgan yoshga to`lmagan bo`lsa;
► Jinoyat kodeksi maxsus qismining tegishli moddasida shaxsning o`z qilmishiga amalda pushaymon bo`lganligi tufayli yoxud belgilangan muddat ichida etkazilgan moddiy zararning o`rni qoplanganligi va (yoki) jinoyat oqibatlari bartaraf etilganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan bo`lsa.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan chiqariladi. Jinoyat sodir etilganligi to`g`risida xabar bergan fuqaro, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasi yoki mansabdor shaxs bu haqda xabardor qilinadi. Bunda ularga qaror ustidan shikoyat qilish huquqi va tartibi tushuntirilishi lozim.
E`TIROZLARNI KIM QABUL QILADI?
— JPKning 338-moddasida jinoyat ishi qo`zg`atish to`g`risidagi qaror ustidan shikoyat qilish mumkinligi keltirib o`tilgan bo`lib, mazkur moddaning ikkinchi qismida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsning, surishtiruvchining, tergovchining ish qo`zg`atishni rad qilish to`g`risidagi qarori ustidan prokurorga, prokurorning ish qo`zg`atishni rad qilish to`g`risidagi qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga, sudning ajrimi ustidan esa yuqori sudga shikoyat qilinishi mumkinligi ta`kidlangan.
Jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish to`g`risidagi qaror tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan chiqarilgan bo`lsa, qarorning ko`chirma nusxasi prokurorga yuboriladi.
JPKning 337-moddasiga asosan, jinoyat ishini qo`zg`atishning qonuniyligi ustidan nazorat olib borayotgan prokuror jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish to`g`risidagi qarorni bekor qilishga va ayni vaqtda ish qo`zg`atishga haqlidir.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi






