AsosiyJinoyat

Bozor rahbariga qo`shilib ayblanganlar oqlandi...

'Bozor rahbariga qo`shilib ayblanganlar oqlandi...'ning rasmi

Sud hujjatlariga ko`ra, 55 yoshli erkak 2017 yil 25 maydan davlat ishtirokidagi tashkilot “Xatirchi dehqon bozori” MChJ direktori lavozimida ishlay boshladi. Qator vakolatlarga ega bo`lgan mansabdor mavqeidan foydalanib, o`zganing mulkini o`zlashtirishga qo`l uradi...

U 50 yoshli xotini va 41 yoshli jamiyat hisobchisi bilan kelishib, o`zining 2018 yil 1 apreldagi buyrug`i bilan rafiqasini “Xatirchi dehqon bozori” MChJ huzuridagi “Qish­loq xo`jaligi mahsulotlarini tayyorlash” MChJda ish yurituvchi sifatida ishga qabul qiladi. Uning nomiga AT “Agrobank”ning Xatirchi filialidan bank plas­tik karta ochadi. 2018 yilning may-dekabr oylarida xotini ishlamagan bo`lsa-da, unga ish haqi sifatida jami 
7 mln. 250 ming mablag`ni ko`chiradi. 

Shuningdek, sudlanuvchi 2018 yilning yanvaridan bozor hududidagi savdo nuqtalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan jamiyat o`rtasida shartnoma tuzilishi va har bir savdo nuqtasining kvadrat metriga me`yor bo`yicha 6 ming so`mdan infra va ijara to`lovlarini undirish belgilangan bo`lsa-da, o`z vazifalariga loqaydlik qiladi. Jami 67 ta savdo nuqtalaridagi tadbirkorlik sub`ektlari bilan shartnoma tuzmay, 2018 yil va 2019 yilning 3 oyi davomida jami 269 mln. 487 ming so`m infra va ijara to`lovlarini undirilmasligi natijasida davlat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilishiga sababchi bo`lgan.

Ayni shu holat yuzasidan direktor JK 167-moddasi 2-qismining “v,g” bandlari va 207-moddasining 1-qismi, jamiyat hisobchisi JK 167-moddasi 2-qismining “v,g” band­lari hamda bozor direktorining rafiqasi JK 28, 167-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan ayblanganlarga nisbatan Jinoyat ishlari bo`yicha Karmana tuman sudining 2019 yil 23 avgustda chiqarilgan hukmi ustidan keltirilgan apellyasiya shikoyatiga asosan jinoyat ishi apellyasiya tartibida ko`rib chiqildi...

                               "JPK HAMDAPLENUM QARORITALABLARIGA RIOYa QILINMAGAN"

Ma`murjon KADIROV, jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyat sudi sudyasi: 

— Sudlanuvchining xotini va hisobchisi ham sudlangan bo`lib, sud hukmining unga oid qismiga protest yoki shikoyat keltirilmagan. JPK 482-moddasining 2-qismida, sud ­shikoyat yoki protestda bayon etilgan vajlar bilan chegaralanmay, ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan shikoyat bermagan hamda ustidan shikoyat yoki protest bildirilmaganlarga nisbatan ham to`la hajm­da tekshirishi belgilangan. Sudlov hay`ati, sudlanuvchilar bitta holatda ayblanganlik­larini inobatga olib, ishning hisobchi hamda sudlanuvchi ayolga nisbatan qismini muhokama qilishni lozim topdi. 

Bozor raisi apellyasiya shikoyatida, xotini ish yurituvchi sifatida ishlagani, tadbirkorlardan infra va ijara to`lovlarini undirish uning vakolatlariga kirmagani, uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo`qligi haqidagi vajlarni keltirgan. Shu bois sud hukmini bekor qilib, JPKning 83-moddasiga asosan oqlov hukmi chiqarishni so`ragan.

Sudlov hay`ati shikoyatdagi vajlarni jinoyat ishi hujjatlari bilan birga tahlil qilib, hisobchi va sudlanuvchi ayolga oid qismini bekor qilishni lozim topdi. Boisi dastlabki tergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan JPK hamda Plenum qarori talablariga rioya qilinmagan.

Dastlabki tergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan ikki guvohning sudlanuvchi ayolning “Qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini shakllantirish nuqtasi” MChJda ishlamagani haqidagi ko`rsatmasini inobatga olib, sudlanuvchi ayolning “Xatirchi dehqon bozori” MChJ va uning ta`sischiligida tashkil etilgan “Qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini shakllantirish nuqtasi” MChJda ishlamagani haqida barvaqt noto`g`ri to`xtamga kelgan. “Xatirchi dehqon bozori” MChJda ish yurituvchi shtat birligi mavjudligi, sudlanuvchi ayol ushbu lavozimga ishga qabul qilingani har tomonlama, to`la xolisona tekshirilmagan.

Apellyasiya instan­siya­sida so`roq qilingan guvohlar sudlanuvchi ayolning “Xatirchi dehqon bozorida” qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini shakllantirish bilan shug`ullangani, ishlaganini bayon qilishdi. 

Yuqoridagilarga ko`­ra, sudlanuvchi ayolning eri va hisobchi bilan til biriktirib, “Xatirchi dehqon bozori” MChJ va uning ta`sischiligida tashkil etilgan “Qishloq xo`jaligi mahsulotlari zaxirasini shakllantirish nuqtasi” MChJda ishlamay, jamiyatga tegishli mol-mulkni talon-toroj qilganlikda ayblab bo`lmaydi.

Biroq “Xatirchi deh­qon bozori” MChJning 2014-2018 yillar davrida soliq qonunchiligiga rioya qilinishi hamda nazorati soliq va Departament organlariga yuklatilgan hukumat qarorlarining bajarilishi yuzasidan o`tkazilgan hujjatli tekshirish dalolatnomasiga ko`ra, sudlanuvchi ayolga 2018 yil maydan dekabrga qadar berilishi lozim bo`lgan oylik ish haqi 4.386.700 so`mni tashkil etishi aniqlangan. Biroq 2.863.300 so`m ortiqcha to`langan.

Sudlov hay`ati, bozor raisining vajlarini muhokama qilib, inkor etib bo`lmaydigan ob`ektiv dalillar yig`indisi bilan aybsizligi to`liq o`z isbotini topganligi bois ishonchga sazovor emas, deb baholadi.

— Jinoyat ishlari bo`yicha Karmana tuman sudining 2019 yil 23 avgustdagi sudlanuvchilarga nisbatan chiqargan hukmining bozor raisiga oid qismi o`zgartirildi. Ya`ni, uning o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish holati bo`yicha ayblovi bekor qilindi. Biroq mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayb­lovi isbotini topdi. 

 

Bozor hisobchisiga JK 167-moddasi 2-qismining “v,g” bandlari bilan qo`yilgan ayb­lov olib tashlandi. Bozor raisining xotiniga qo`yilgan ayblovlar ham isbotini topmadi va ular JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi. Apellyasiya shikoyati qisman qanoatlantirildi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar