Sud muhokamasi oshkoraligini, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi amalga oshirilishini, shuningdek, sudlar tomonidan mazkur masalaga oid qonun hujjatlari bir xilda qo`llanilishini ta`minlash maqsadida, O`zbekiston Respublikasining “Sudlar to`g`risida”gi Qonuni 17-moddasiga asoslanib, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi
Q A R O R Q I L A D I:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati to`g`risida jamoatchilikka o`z vaqtida va ob`ektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta`minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi. Shu munosabat bilan sudlar sud muhokamasi shkoraligi
va sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishlari lozim.
2. Sudlar shuni e`tiborga olishlari lozimki, sud muhokamasi oshkoraligini, fuqarolar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari
va ommaviy axborot vositalari vakillarining sudlar faoliyatiga doir axborotdan xabardorligini ta`minlash O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, “Sudlar to`g`risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari
va kafolatlari to`g`risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi qonunlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, tegishlicha, O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi), O`zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksi (bundan buyon matnda JPK deb yuritiladi), O`zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYutK deb yuritiladi), O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksida (bundan buyon matnda MJtK deb yuritiladi) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yo`l qo`yilmaydi.
4. Sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyatiga doir axborotni olish fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma`muriy sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim, chunki O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 112-moddasiga ko`ra, sudyalar mustaqildirlar va faqat qonunga bo`ysunadilar.
5. Tushuntirilsinki, ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda ta`sir etishga (bosim o`tkazishga) haqli emas.
Sudya sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish bo`yicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.
6. Sud muhokamasi oshkoraligi prosess ishtirokchisi bo`lmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan ta`minlanadi.
Ochiq sud majlislarini prosess ishtirokchisi bo`lmagan shaxslar qatnashishini istisno etadigan binolarda o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi.
Ochiq sud majlisida prosess ishtirokchisi bo`lmagan voyaga etmaganlar hozir bo`lishiga faqat tegishli prosessual qonun talabini inobatga olgan holda yo`l qo`yiladi.
Ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish bo`yicha ma`lumotlar olish maqsadida qatnashishi ma`lumot olishning qonuniy yo`li ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga ko`ra, sud majlisi zaliga kirishiga to`sqinlik qilishga yo`l qo`yilmaydi.
7. Ish muhokamasi to`liq yoki qisman yopiq sud majlisida o`tkazilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko`ra, yo`l qo`yiladi (FPK 12-moddasi ikkinchi qismi, JPK 19-moddasi birinchi, uchinchi, to`rtinchi, beshinchi qismlari, IPK 11-moddasi ikkinchi qismi, MSIYutK 13-moddasi ikkinchi qismi).
Ish muhokamasini yopiq sud majlisida o`tkazish to`g`risida sud asoslantirilgan ajrim chiqaradi va unda prosess ishtirokchilari bo`lmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga to`sqinlik qiladigan aniq holatlar ko`rsatilishi kerak.
Ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to`g`risidagi ma`lumot hamma uchun ochiq bo`lishi lozim.
Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o`tkazilishi haqida sud majlisi bayonnomasida va ish bo`yicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida ham ko`rsatiladi.
8. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o`tkazilishi to`g`risidagi ajrim e`lon qilingunga qadar prosess ishtirokchilari bo`lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilishi mumkin emas. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o`tkazilishi to`g`risidagi qaror ishni sud muhokamasiga tayinlash chog`ida qabul qilingan hollarda, prosess ishtirokchilari bo`lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga kiritilmaydi.
Ish muhokamasini yopiq sud majlisida o`tkazish haqidagi ajrim e`lon qilinganidan so`ng prosess ishtirokchilari bo`lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
Agar sud tomonidan jinoyat ishining muayyan qismi yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to`g`risida qaror qabul qilinsa, prosess ishtirokchisi bo`lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisining shu qismiga kiritilmaydi.
Yopiq sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi, bunday majlisda audio- va videoyozuv amalga oshirilmaydi.
Yopiq sud majlisi o`tkazilganda ishni elektron tarzda shakllantirishga yo`l qo`yilmaydi.
9. Agar fuqarolik ishida, shuningdek, ma`muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishda davlat siriga va qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirga oid ma`lumotlar mavjud bo`lsa yoki fuqarolik ishi yopiq sud majlisida ko`rilishi shartligi qonunda nazarda tutilgan bo`lsa, sud fuqarolik ishini yopiq sud majlisida ko`rib chiqadi.
Prosess ishtirokchisining iltimosnomasiga binoan, sud shaxsiy hayot daxlsizligini yoki qonun bilan qo`riqlanadigan ma`lumotlar sir saqlanishini ta`minlash maqsadida fuqarolik ishini, shuningdek, ma`muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishni yopiq sud majlisida ko`rib chiqishga haqli (FPK 12-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari, MSIYutK 13-moddasi ikkinchi qismi).
Bunda shuni nazarda tutish lozimki, sud muhokamasi yopiq sud majlisida o`tkazilishi to`g`risidagi iltimosnoma nafaqat o`z shaxsiy manfaatlari borasida iltimosnoma kiritayotgan shaxs va (yoki) uning vakili tomonidan, balki FPK 50, 52-moddalariga ko`ra, boshqa shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vakolati berilgan shaxslar (masalan, prokuror, vasiylik va homiylik organi va h. k.) tomonidan ham berilishi mumkin.
10. Jinoyat ishini yopiq sud majlisida o`tkazishga JPK 19-moddasi birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo`lganda yo`l qo`yiladi.
11. Davlat sirini va qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida ishning yopiq sud majlisida muhokama qilinishiga, faqat O`zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to`g`risida”gi Qonuniga muvofiq ishda davlat siri va qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirga oid ma`lumotlar mavjud bo`lganda yo`l qo`yiladi.
12. Ish tijorat sirini saqlash maqsadida yopiq sud majlisida, basharti bunday ma`lumotga ega bo`lgan va tegishli iltimosnoma kiritgan shaxs O`zbekiston Respublikasining “Tijorat siri to`g`risida”gi Qonuni 10-moddasiga muvofiq, tijorat sirini muhofaza qilish chora-tadbirini ko`rgan bo`lsa, muhokama qilinishi mumkin.
Ish muhokamasini tijorat sirini saqlash uchun yopiq sud majlisida o`tkazish masalasini hal etishda, sudlar O`zbekiston Respublikasining “Tijorat siri to`g`risida”gi Qonuni 5-moddasida nazarda tutilgan ma`lumotlarga nisbatan tijorat siri rejimi tatbiq etilmasligini hisobga olishlari lozim.
13. Shaxsning shaxsiy hayoti daxlsizligiga bo`lgan huquqini ta`minlash uchun ish muhokamasini yopiq sud majlisida o`tkazish masalasini hal etishda, sudlar bunday ma`lumotlar xususiyati va mazmunini, shuningdek, ular oshkor qilinishi natijasida kelib chiqishi mumkin bo`lgan oqibatlarni e`tiborga olishlari lozim.
14. Shuni inobatga olish lozimki, qonunga ko`ra:
a) ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyasiya qilishga quyidagi tartibda yo`l qo`yiladi:
fuqarolik ishini ko`rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
jinoyat, ma`muriy, iqtisodiy ishni va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan;
b) ochiq sud majlisida audioyozuvni amalga oshirishga quyidagi tartibda yo`l qo`yiladi:
fuqarolik ishini ko`rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
jinoyat ishi va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.
Sudlarning e`tibori shunga qaratilsinki, sud majlisi zalida hozir bo`lganlar har qanday ish bo`yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma`muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko`rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin.
Prosess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.
Sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning to`g`riligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida yozib qo`yiladi.
15. Sud majlisi borishini qonunda yo`l qo`yilgan ko`rinishda qayd etishni amalga oshirayotgan shaxslar harakati sud majlisi tartibiga xalaqit bermasligi lozim.
Sud majlisida ishtirok etayotgan va uning borishini qayd etish huquqidan foydalanayotgan shaxslar tomonidan bu huquqning suiiste`mol qilinishi sud majlisi tartibini buzish hisoblanadi. Bunday holda sud aybdor shaxslarga nisbatan prosessual qonunda nazarda tutilgan ta`sir choralarini qo`llashga haqli.
16. Shuni nazarda tutish lozimki, sud majlisida qatnashish uchun kelgan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud binosiga kirishi sudning ichki faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar bilan o`rnatilgan qoidalarga qat`iy rioya qilingan holda ta`minlanishi lozim. Shu munosabat bilan sudlar ushbu hujjatlar bilan sud binosiga kirish joyida tanishish imkoniyatini ta`minlashlari zarur.
Bunda shuni nazarda tutish lozimki, chet davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga ular O`zbekiston Respublikasida akkreditasiya qilinganligi to`g`risida hujjat taqdim etgan taqdirda kiritiladilar.
17. Prosessual qonun talablariga muvofiq fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy, ma`muriy ishlar va ma`muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko`rish natijasi bo`yicha qabul qilingan sud hujjatlari, sud muhokamasi ochiq yoki yopiq tarzda o`tkazilishidan qat`i nazar, oshkora e`lon qilinadi, qonunda to`g`ridan-to`g`ri nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Jumladan, voyaga etmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tegishli yopiq sud majlisida ko`rilgan fuqarolik ishi bo`yicha sud qarori (masalan, farzandlikka olish haqidagi) oshkora e`lon qilinmaydi.
18. Sudlarning e`tibori shunga qaratilsinki, prosess ishtirokchisi bo`lmagan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida qatnashishini cheklovchi yoki ularga monelik qiluvchi sharoit yaratilishi man etiladi va bunday holat prosessual qonun buzilishi deb hisoblanadi va qonunda belgilangan javobgarlik kelib chiqishiga sabab bo`ladi.
19. Sudlar faoliyati to`g`risidagi axborot umumfoydalanish uchun ochiq hisoblanadi, axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan hollar bundan mustasno (O`zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi Qonuni 6-moddasi).
Foydalanilishi cheklab qo`yilgan axborotga, jumladan, quyidagilar kiradi:
- davlat sirlariga doir, (O`zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to`g`risida”gi Qonuni 3, 5-moddalari);
- qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirga doir (masalan, farzandlikka olish siri) (O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 153-moddasi);
- shifokorlik siriga doir (O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi Qonuni 25-moddasi beshinchi qismi, O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to`g`risida”gi Qonuni 19-moddasi);
- qonunga asosan foydalanish cheklangan boshqa axborotlar.
Sud axborotning muayyan qismi foydalanish uchun cheklanganligini sabab qilib, talab etilgan axborotni berishini rad qilishga haqli emas. Bunday holatda axborotning umumfoydalanish uchun ochiq qismi taqdim etiladi.
20. Foydalanuvchilarga taqdim etilayotgan axborot o`z vaqtida berilishi va qonunda belgilangan muddatda taqdim etilishi lozim.
21. Sudlar faoliyatiga doir ma`lumot foydalanuvchilarga ularning so`roviga asosan, ya`ni og`zaki yoki yozma shaklda, shu jumladan, elektron hujjat ko`rinishidagi murojaatiga asosan taqdim etilishi mumkin.
Umumjahon axborot Internet tarmog`i (bundan buyon matnda Internet tarmog`i deb yuritiladi) orqali sudga kelib tushgan so`rovga, ya`ni elektron hujjat tarzidagi so`rovga yozma so`rovlarni rasmiylashtirishga nisbatan qo`yiladigan talablar qo`llaniladi.
Og`zaki so`rov bo`yicha sudlar faoliyatiga doir maxsus tekshirishni va izlashni talab etmaydigan axborot taqdim etilishi mumkin. Masalan, og`zaki so`rovga asosan sud majlisi vaqti va joyi, ish ko`rilishi bosqichi va natijasi haqidagi, ish sudlovga tegishliligi bo`yicha yuborilganligi haqidagi axborot berilishi mumkin.
22. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, qonunga ko`ra, ma`lumot taqdim etish to`g`risidagi murojaatni ko`rib chiqish muddati uni ro`yxatga olingan kundan boshlanadi. So`ralgan axborotni o`z vaqtida taqdim etish maqsadida sudlar kelib tushgan murojaatlarni ro`yxatga olish va ularga javob berish yuzasidan sudda ish yuritishni tartibga soluvchi hujjatlarda belgilangan muddatlarga rioya etilishini ta`minlashlari lozim.
23. Sudlar shuni e`tiborga olishlari lozimki, so`ralgan ma`lumot ommaviy axborot vositalarida e`lon qilingan va (yoki) sudlarning Internet tarmog`ida rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan bo`lsa, sudlar ommaviy axborot vositasining nomi, sanasi va chiqish raqami hamda (yoki) rasmiy veb-saytning so`ralgan ma`lumot joylashtirilgan sahifasini ko`rsatish bilan cheklanishga haqli.
24. Foydalanuvchilarni arxiv fondlarida saqlanayotgan sudlar faoliyatiga doir axborot bilan tanishishi arxiv ishiga oid qonun hujjatlari hamda unga muvofiq qabul qilinayotgan boshqa hujjatlar bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. Sudlar faoliyatiga doir axborot ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog`i orqali tarqatiladi.
Sudlar faoliyatiga doir Internet tarmog`ida joylashtirilishi shart bo`lgan ma`lumotlar O`zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati
va boshqaruvi organlarining ochiqligi to`g`risida”gi Qonuni 5-moddasida keltirilgan ro`yxatdan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim.
26. Sudlarning e`tibori shunga qaratilsinki, sudlarning rasmiy
veb-saytlarida sud qarorlari matnlarini joylashtirish FPK 12-moddasi ettinchi qismi, JPK 19-moddasi o`n birinchi qismi, IPK 11-moddasi oltinchi qismi talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Sud qarorlari matnidan davlat sirlari yoki boshqa qonun bilan qo`riqlanadigan sirga doir ma`lumotlar chiqarilishi lozim. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari matni sudning rasmiy veb-saytida egasizlashtirilgan holda yoki prosess ishtirokchilari roziligi bilan to`liq e`lon qilinishi mumkin. Qonunga muvofiq e`lon qilinishi talab etiladigan (masalan, normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini haqiqiy emas deb topish haqidagi), sud qarorlari matnlari sudlar rasmiy veb-saytlarida to`liq hajmda joylashtiriladi.
27. Foydalanuvchilarni sudlar ishi to`g`risidagi kundalik axborot bilan tanishtirish uchun sud binolarida ma`lumotlar peshtaxtasi va (yoki) shunday vazifa bajaradigan texnik vositalar o`rnatilishi lozim bo`lib, ularda quyidagi ma`lumotlar beriladi:
sudning huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida (ularning ro`yxati);
sudning ish tartibi, ishonch telefoni raqamlari to`g`risida;
arizalar, takliflar va shikoyatlarni qabul qilish tartibi to`g`risida;
o`tkaziladigan sud majlislari, shu jumladan, ochiq sud majlislari to`g`risida;
sudning faoliyati to`g`risidagi axborot berish tartibi to`g`risida.
Axborot peshtaxtalari tashrif buyurgan shaxslarga qulay joylarda o`rnatilgan bo`lishi lozim. O`tkaziladigan ochiq sud majlislari haqidagi xabarlar tegishli sudning rasmiy veb-saytida ham e`lon qilinishi lozim.
28. Sudlarda ularning faoliyati to`g`risida axborot olishni ta`minlovchi qonunga zid bo`lmagan va sudyalar mustaqilligi prinsipini buzmaydigan boshqa usullardan ham foydalanish mumkin (xususan, fuqarolarni, jamoatchilik vakillarini qabul qilish, brifing, intervyu, matbuot konferensiyalarini o`tkazish, ommaviy axborot vositalari va aholi oldida chiqishlar qilish, press-relizlar tarqatish va h. k.).
29. Jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo`lishni ta`minlash maqsadida sudlarning rasmiy vakillari ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi.
30. Jamoatchilikni sudlar faoliyati to`g`risida xabardor etish maqsadida viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislari:
yilda kamida bir marta fuqarolar huquq va erkinliklarini, shuningdek, korxona, muassasa va tashkilotlar huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi holati yuzasidan tegishli davlat vakillik organiga ma`lumot taqdim etishlari;
oyida kamida bir marta sudyalarning joylarda aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etishlari lozim.
31. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay`atlari, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar raislari har chorakda ishlarning tegishlicha nazorat, apellyasiya va kassasiya tartibida ko`rilishi yuzasidan har chorakda sud obzorlarini chop etilishini ta`minlasinlar.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Komilov
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. Alimov