AsosiyJamiyat

Matbuot kotiblari faoliyati baholandi

'Matbuot kotiblari faoliyati baholandi'ning rasmi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida respublika darajasidagi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatari rahbarlarining faoliyati samaradorligi o`rganildi.

O`rganish davomida axborot xizmati rahbari faoliyati uning:

– ish hajmi (press-tadbirlar, ularda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki hamda tadbirlarni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlar orqali jamoatchilikka etkazish);

– ish faoliyati sifati (press-tadbirlarga professional yondashuv, rahbariyatning ishtiroki, axborotni etkazib berishda turli instrumentlardan foydalanish);

– ish samaradorligi (axborotning qamrov miqyosi, sohaga oid muammolarni yoritish, tanqidiy materiallarga munosabat bildirish darajasi hamda rasmiy veb-sayt, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda axborot berish tezkorligi, tashkilot faoliyati bo`yicha muayyan voqelik munosabati bilan rasmiy bayonot berish, xorijiy ommaviy axborot vositalarida materiallar e`lon qilish) asosiy mezon qilib olindi.

Tahliliy natijalarga ko`ra, 2019 yil dekabr oyiga qadar axborot xizmati rahbari lavozimiga rasman tasdiqlanib, faoliyat yuritib kelgan 90 nafar matbuot kotiblaridan 8 nafarining ish natijalari yuqori, 37 nafarniki o`rta, 40 nafarniki qoniqarli, 5 nafarning faoliyati past darajada, deya baholandi.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (S. Zokirova), Adliya vazirligi (S. O`rinboeva), Davlat bojxona qo`mitasi (N. Calomov), “O`zbekkino” milliy agentligi (B. Ungboeva), O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi (Z. Imomxo`jaev), Mudofaa vazirligi (B. Zulfikarov), “O`zeltexsanoat” uyushmasi (N. Tolipov) hamda Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi (A. Umarova) axborot xizmati rahbarlarida 2019 yil ikkinchi yarmida axborotni zamonaviy, tezkor va keng qamrovli usulda ommaviy axborot vositalari (radio/televidenie, gazeta, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlar va veb-saytlar) orqali foydalanuvchilarga infografika, foto, audio, video va matn shakllarida, muayyan belgilangan vaqt oralig`ida etkazib berish bo`yicha eng yuqori ko`rsatkich aniqlandi.

Shuningdek, ushbu vazirlik va idoralar davlat organi faoliyati haqidagi axborotning rasmiy veb-sayt, mobil messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar bilan birga, xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda ham etakchilik qildi.

Aytish kerakki, o`rganish davomida ko`plab matbuot kotiblari faoliyat yo`nalishlarini belgilangan mezonlar asosida tashkil qilishda ayrim muammo va kamchiliklarga yo`l qo`ygan holatlar ham aniqlandi. Xususan, olib borilgan o`rganishlar tahlili 2019 yil ikkinchi yarim yilligi mobaynida 44 ta axborot xizmati rahbari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlar berilmaganini ko`rsatgan bo`lsa, 28 ta axborot xizmati rahbari tomonidan xorijiy ommaviy axborot vositalarida materiallar e`lon qilinmagan, 15 ta axborot xizmati rahbari tomonidan muayyan axborot voqeligi munosabati bilan video formatida yoki matn shaklida rasmiy bayonot berilmagan.

Bundan tashqari, 9 ta axborot xizmati rahbari tomonidan faoliyati doirasidagi sohaga oid muammolar yoritilmagan, 11 ta axborot xizmati rahbari tomonidan o`tkazilgan tadbirlar haqidagi axborotni bugun keng ommalashgan rasmiy veb-sayt, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilish holati (tezkorligi) talab darajasida emas.

    Boshqa yangiliklar