Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaga ham mana 75 yil to`ladi. Bir chorak kam asrga teng vaqt o`tgan bo`lsa-da, bu qonli qirg`inlikni, unda jasorat va matonat ko`rsatgan fidoyi yurtdoshlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmaydi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi, Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Urganch harbiy prokuraturasi xodimlari Gurlan tumani Jaloir mahallasida istiqomat qiluvchi 95 yoshli Nurummat ota Matyakubovning xonadonida bo`lishib, uning holidan xabar olishdi.
1943 yilning mart oyida urushga otlangan Nurummat ota hali oldida turgan sinovlarni tasavvur ham etmagandi. Otaxon bir necha kunda Chelyabinskdagi polkda xizmat qilishni boshlab, qisqa vaqt ichida dastlabki harbiy tayyorgarlikdan nazariy va amaliy ko`nikmalarini oshirdi. Frontda Ukraina erlarida fashizmga qarshi kurashlarda jonbozlik ko`rsatgan otaxon dushmanning qaqshatkich zarbalarini qaytarishda bir necha bor mardlik namunasini ko`rsatdi. 1944 yilda ana shunday ayovsiz bosqinlarning birida qahramonimiz boshiga o`q tegib, uni yaralaydi. To`rt oy davomida harbiy gospitalda davolangandan keyin Nurummat ota va boshqa sog`aygan yigitlarni yana frontga yuborishdi. Shundan keyin otaxon Ruminiya ostonalarida jang qilib, shahar va qishloqlarni qolib ketgan fashist askarlaridan tozalash maxsus operasiyalarida qatnashdi.
Harbiylarning tashrifidan ruhlangan otaxon bir muncha bukchaygan qad-qomatini ko`tarib, urush yillaridagi voqealar, u erda vatandoshlarimiz ko`rsatgan jasoratlari haqida so`zlay boshladi. Bir asrga yuzlashgan nuroniy suhbati yakunida bugungi tinchlik va osoyishtalikka shukrona keltirib, yurtni asrab avaylash har birimizning muqaddas burchimiz bo`lib qolishi kerakligini uqtirib o`tdi.
Urganch garnizonidagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini o`tayotgan bir guruh tashabbuskor askarlar Vatanimiz tinchligi, bugungi osoyishtaligimizga hissa qo`shgan urush qatnashchisining duolarini olib, hovlisini obodonlashtirishga hissa qo`shishdi. Endi otaxon hovlisida bir necha tup ekilgan mevali daraxtlar harbiylardan o`zgacha tuhfa sifatida esda qoladi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






