Buxoro neft va gaz sanoati kasb – hunar kolleji o`qituvchisi Umida Rahmatova “Children are safe” ya`ni “Bolalar xavfsizlikda” loyihasini ishlab chiqdi.
Loyihaning maqsadi telekommunikasiya tizimida foydalaniladigan qurilmalar, masalan, Smart Phone WiFi yordamida uy sharoitida elektr energiyasini boshqarish blokini yaratish imkoniyatini beruvchi model va algoritmlarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Aytish joizki, “aqlli uy” konsepsiyasining uzviy qismi sanalgan bu loyiha ustidagi izlanishlar samarasini berdi. Boshqaruv blokida zarur qurilmalar uchun dasturiy ta`minot ishlab chiqildi. U elektr energiyasidan nafaqat xavfsiz, balki tejamli foydalanishga sharoit yaratadi. Bola uyda yolg`iz qolganda endi xavotirlanmasa ham bo`ladi. Chunki bu paytda elektr energiyasi boshqaruv bloki vositasida tarmoqdan uzib qo`yiladi.
-Bu sohadagi dasturiy mahsulotlar dunyo bozorida juda qimmat turadi,- deydi ixtiro muallifi. - Biz taklif etayotgan loyiha amaliyotga tadbiq etilsa, boshqaruv bloki o`rnatiladigan har bir ob`ekt (uy) uchun 1000 dan to 6 ming AQSh dollarigacha iqtisod qilish mumkin.
Aytmoqchi, ushbu loyiha “O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi” respublika tanlovida alohida e`tirof etildi. Uning muallifi shu tanlov g`oliblari qatoridan o`rin oldi.






