O`z manfaatlarini barcha narsadan ustun qo`yib, bojxona qoidalarini buzishga urinayotgan shaxslarning qilmishlari o`z vaqtida fosh etilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali qo`shni mamlakatga o`zining “Leksus RX 330” avtoulovida chiqib ketayotgan fuqaro B.A.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e`tiborini tortdi va ushbu fuqaro o`rnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Natijada, avtomashinada bojxonachilarning og`zaki so`rovida ma`lum qilinmagan va deklarasiyada ko`rsatilmagan, umumiy qiymati 100 million so`mlik bir bosh “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yavana makakasi” turidagi maymunlar borligi aniqlandi.
Hozirda Toshkent hayvonot bog`iga topshirilgan maymunlarning sog`ligi veterinar-shifokorlar nazoratida bo`lib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi 408-sonli Qonuni talablariga muvofiq, hayvonot dunyosi obektlarini olib kirish va olib chiqish belgilangan tartibda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.






