O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida tinglovchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirni Institut boshlig`ining o`rinbosari, podpolkovnik Zafar Jumanov ochib, Davlatimiz Rahbarining Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko`tarishga, jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangicha tizimini yaratishga, ichki ishlar organlarini el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma`noda xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta`kidladi.
Ya`ni, sodir etilgan huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularni barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etish talab etilyapti. Buning uchun eng avvalo, xalqimiz orasiga kirib ular bilan samarali muloqot o`rnatishimiz, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish yo`llarini topish kerak.
Barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodim, avvalo o`z ustida ishlashi, doimiy ravishda bilim va ko`nikmalarini oshirib borishi, o`zi yangi g`oyalar ustida o`ylashi kerak, yangicha fikrlashi lozim.
Ushbu sohada izchil amalga oshirilayotgan islohotlar mazkur xizmat faoliyati samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Huquqiy bilim darajasi va kasbiy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan ikki haftalik o`quv kurslarida tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo`linmalari xodimlari, jinoyat qidiruv bo`limlari tezkor vakillariga Davlatimiz Rahbari tomonidan soha faoliyatiga oid belgilab berilgan dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hamda idoraviy-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Shuningdek, “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislari tomonidan “Odam savdosi bilan bog`liq bo`lgan jinoyatlarga qarshi kurashish” mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi. Bu, shubhasiz, ularning ish samaradorligini, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsiy javobgarligini oshirishga yordam beradi.
– O`quv jarayonlari zamonaviy innovasion pedagogik texnologiyalar va interfaol usullar olib borildi, – deydi Navoiy shahar Ichki ishlar bo`limi jinoyat-qidiruv guruhi tezkor vakili, katta leytenant Shuhrat Abdurasulov. – Sohaga oid normativ-huquqiy xujjatlar, yangiliklar va xorij tajribalari bilan tanishyapmiz. Bizning oldimizdagi asosiy vazifa nazariy va amaliyotning uyg`unligini ta`minlab, olgan bilimlarimizni faoliyatimizda tadbiq etishdan iborat.
Tinglovchilar mashg`ulotlardan so`ng O`zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov muzeyi hamda
Ichki ishlar vazir vazirligining muzeyiga tashrif buyurdilar.
Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatridagi “Karmen” operasi va Muqimiy nomidagi musiqali-drama teatridagi “Otabek va Kumushbibi” spektakli tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.
O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati






