AsosiyJamiyat

O`zbekistonda nodavlat OTM tashkil etiladi. Universitet va talabalar uchun qator imtiyozlar berilishi mumkin

'O`zbekistonda nodavlat OTM tashkil etiladi. Universitet va talabalar uchun qator imtiyozlar berilishi mumkin'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashkent International University of Education” nodavlat oliy ta`lim muassasasini tashkil etish to`g`risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.

Hujjat loyihasiga ko`ra, mazkur nodavlat oliy ta`lim muassasasi respublika iqtisodiyot tarmoqlarini malakali kadrlar bilan ta`minlash imkoniyatlarini oshirish hamda ta`lim tizimiga jahonning ilg`or standartlari hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish uchun zarur bo`lgan oliy ma`lumotli pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash, rivojlangan mamlakatlarning etakchi oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Oliy ta`lim sifatiga qo`yiladigan umumiy e`tirof etilgan xalqaro talablarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari uchun talab yuqori bo`lgan mutaxassisliklarning bakalavriat va magistratura yo`nalishlari bo`yicha yuqori malakali mutaxassislar hamda ta`lim tizimi uchun zamonaviy pedagog va boshqaruv kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash Universitetning asosiy vazifalari deb hisoblanadi.

Universitetni ta`sis etishda Xalq ta`limi vazirligi investisiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar olib borish va tizimdagi foydalanmayotgan binolarni ajratish bo`yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Bunda, potensial investorga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:

o`z mablag`lari hisobidan Universitetning faoliyatini moliyalashtirish, ob`ektlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish;

Universitetga berilayotgan ob`ektda ta`lim xizmatlari ko`rsatish yuzasidan faoliyatni amalga oshirish;

Universitet tomonidan belgilangan kvota doirasida Xalq ta`limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga ko`ra “The Times Higher Education World University Rankings” reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta`lim muassasalari dasturlari asosida imtiyozli grantlar ajratish yo`li bilan tegishli yo`nalishlar bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiradi.

Loyihaga ko`ra, universitet mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta`lim tashkiloti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, o`z mustaqil balansiga ega bo`ladi, o`z ixtiyoridagi mablag`lar va mol-mulk bilan o`z majburiyatlari bo`yicha javob beradi;

Universitetga o`quv-metodik rahbarlikni ta`minlash, faoliyati va o`quv jarayonini tashkil etish va yuritish, o`quv adabiyotlari bilan ta`minlash, shuningdek abiturientlarni o`qishga qabul imtihonlarini o`tkazish va chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni yollash uchun xorijiy hamkor sifatida “The Times Higher Education World University Rankings” reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta`lim muassasalarini belgilash va universitet bazasida ularning filiallarini ochish huquqi beriladi;

Universitetda o`qitish O`zbekiston Respublikasi davlat ta`lim standartlari talablarini inobatga olgan holda, Universitet va uning xorijiy hamkori tomonidan tasdiqlanadigan o`quv rejalari va dasturlariga muvofiq to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki va maxsus sirtqi yo`nalishlari bo`yicha amalga oshiriladi;

Universitet bakalavr va magistratura bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining O`zbekiston Respublikasida oliy ta`lim to`g`risidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi diplom beriladi;

bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari Universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi;

Universitetning magistratura ta`lim bosqichi bitiruvchilari O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbarlari nomenklaturasiga kiritiladi;

Universitetning magistratura dasturida o`qishni muvaffaqiyatli tamomlagan va xalq ta`limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar uchun 5 yil muddatga oylik ish haqining 50 foiz bo`lgan miqdorida ustama belgilanadi (boshqa belgilangan qo`shimcha to`lovlar va nafaqalardan qat`iy nazar);

Umumta`lim muassasalarida faoliyatini boshlagan Universitetning bakalavr bosqichi bitiruvchilariga to`g`ridan-to`g`ri ikkinchi malaka toifasi, magistratura bitiruvchilariga birinchi malaka toifasi beriladi.

Loyihaga ko`ra, 2023 yil 30 dekabrga qadar:

Universitet barcha turdagi soliqlar to`lashdan;

Universitet O`zbekiston Respublikasidagi faoliyatidan ham doimiy muassasa orqali, ham to`lov manbaidan olingan daromadlar bo`yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`idan;

Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro`yxatlar bo`yicha potensial investor tomonidan olib kelinadigan, O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventarlar bojxona to`lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Qaror loyihasi muhokama muddati 16 martga qadar belgilangan.

    Boshqa yangiliklar