AsosiyJamiyat

Mirishkor tumani hokimi mahalla raislarini "haromi", "kuchukvachcha" deya haqorat qildi va urdi

'Mirishkor tumani hokimi mahalla raislarini "haromi", "kuchukvachcha" deya haqorat qildi va urdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirishkor tumani hokimi ovozi ekanligi aytilgan audioyozuv tarqaldi. Unda 28 fevral kuni tuman hokimligida bo`lib o`tgan yig`ilishda hokim mahalla raislarini haqoratlab, "haromi", "kuchukvachcha" deya ta`rif bergan.  

Ma`lum bo`lishicha, mahalla raislari topshiriqni bajarmagan. Buning uchun hokim ularni haqoratlagan va urgan.   

Hokim bisotidagi eng jirkanch so`zlar bilan mahalla raislarini siylab zaldan chiqqach, raislar tilga kiradi va bu holatda ishlab bo`lmasligini, hokim onasini so`kishiga jim turolmasligini aytadi. Shunda bu gapni eshitgan hokimlik mas`uli “nima kerak provakasiya” deya savol beradi.

Mahalla raislarining so`ziga ko`ra, hokim soliq tushumi kamligi uchun mahalla raislarini haqorat qilgan. Mahalla raislari esa shuni yotig`i bilan tushuntirishsa, hatto o`z yonlaridan bo`lsa-da pul tushirishlarini aytadi.  

Ijtimoiy tarmoqda Mirishkor tumani hokimi B.Radjabovning audioyozuvi tarqalishi yuzasidan viloyat hokimligi munosabat bildirdi.

"Audioda turli xil uyatli so`zlar bilan yig`ilganlarni "siylagan" tuman hokimi ekanligi aniq, inkor etish fikridan yiroqmiz. Bu borada ichki tartibda chora ko`rish bilan cheklanish ham mumkin edi. Ammo, qonuniy ravishda chora ko`rilishi, "Nega oddiy xalq xato qilsa, jazo yoki jarima, hokim xato qilsa, kechirimmi?" kabi tabaqalashtiruvchi gap-so`zlar kelib chiqmasligi tarafdorimiz.

Tegishli tashkilotlar tomonidan o`rganishlar yakunlanishi bilan holat bo`yicha qo`shimcha ma`lumotlarni e`lon qilamiz", deydi Qashqadaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati xabarda.

Boshqa yangiliklar