AsosiyJamiyat

Davlat idoralarida resurslar etishmasligi davlat xizmatlari sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda

'Davlat idoralarida resurslar etishmasligi davlat xizmatlari sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda'ning rasmi

Bugungi kunda, Davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar hamda tadbirkorlarga idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali “yagona darcha” tamoyili asosida ma`lumotnoma, ruxsatnoma va lisenziyalar berish, jumladan, ekologiya va qishloq xo`jaligi, arxitektura va qurilish, muhandislik-kommunikasiya, kadastr va boshqa sohalarda 130 dan ortiq xizmat turlari bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatilib kelinmoqda. 

Aholiga ko`rsatilgan xizmatlar soni 2017 yilda 12 mingtani tashkil etgan bo`lsa, 2019 yilda 13 millionga yaqin xizmatlar ko`rsatildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi bo`lim boshlig`i M.Mahkamboev "Darakchi"ga ma`lum qildi.

Shunday bo`lsada, ayrim davlat idoralarida axborot tizimlari, resurslari etarli darajada emasligi, ma`lumotlar bazalari idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integrasiya qilinmaganligi davlat xizmatlarining sifati va tezkorligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. 

Jumladan, ayrim davlat idoralarida hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalari etarli darajada joriy qilinmaganligi, qog`ozbozlik yuqoriligi hamda davlat xizmatidan foydalanish qiyinligi, shaffof emasligi natijasida aholining ushbu davlat idoralari faoliyatidan qoniqish darajasi pastligicha qolmoqda.

Mazkur holatlarga barham berish, xizmat ko`rsatish sifatini yanada takomillashtirish, byurokratik to`siqlarni bartaraf etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi PQ-4546-son “Byurokratik to`siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida” Qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalariga o`tkazildi. Xususan:

nodavlat ta`lim muassasalarining chet tillarni o`rganish bo`yicha o`quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishga lisenziya berish; 

dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga lisenziya berish;

turar joyni noturar joy toifasiga o`tkazishga ruxsatnoma berish;

alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini berish;

rieltorlik faoliyatini olib borish uchun lisenziya berish;

yovvoyi holda o`suvchi o`simliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash uchun ruxsatnoma berish;

davlat o`rmon fondi erlariga kirmaydigan zaxira erlarida pichan o`rish va chorva mollarini o`tlatish uchun ruxsatnoma berish kabi bir qator funksiya va vakolatlar tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalariga o`tkazildi ayrim funksiya va vakolatlari chiqarib tashlandi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 
31 yanvardagi PF-5930-son “Davlat xizmatlari ko`rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonining 17-bandiga muvofiq 2020 yil 1 apreldan 10 turdagi davlat xizmatlari Toshkent shahrida faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko`rsatilishi belgilandi. 

2021 yil 1 yanvardan boshlab esa davlat xizmatlarini aholi gavjum bo`lgan va jamoat joylarida (diniy muassasalar, aeroportlar, vokzallar, metro bekatlari, savdo-ko`ngilochar komplekslar) o`rnatiladigan interaktiv infokiosklar orqali o`ziga o`zi xizmat qilish tamoyili asosida xizmat ko`rsatish tartibi joriy etilishi belgilandi.

Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralarning davlat xizmatlari ko`rsatilishi uchun ma`lumotlar raqamlashtirilmaganligi hamda axborot tizimi to`liq ishlab chiqilmaganligi yoki davlat xizmatlari ko`rsatish tizimi bilan integrasiya qilinmaganligi va boshqa kamchiliklar mavjudligi sababli mazkur Farmon bilan “Yo`l xaritasi” tasdiqlanib davlat xizmatlarini ko`rsatishni takomillashtirish bo`yicha 2020 yilda amalga oshirilishi lozim bo`lgan muhim vazifalar va yo`nalishlar belgilab berildi.

Xulosa o`rnida ta`kidlash joizki, davlat xizmatlari ko`rsatish sohasida olib borilayotgan islohotlardan ko`zlangan maqsad davlat xizmatlari ko`rsatish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish orqali davlat xizmatlari ko`rsatish sifati va tezkorligini yuqori pog`onalarga olib chiqish, eng asosiysi aholiga qulay shart-sharoit va yanada engilliklar yaratishdir.

Buning uchun barcha davlat idoralari xodimlari faol xizmat ko`rsatishi va o`z ishiga vijdonan yondashishi zarur.

Boshqa yangiliklar