AsosiyJamiyat

Farmon imzolandi: Toshkentdan uy olish uchun viloyatliklarga qo`yilgan boj bekor qilindi

'Farmon imzolandi: Toshkentdan uy olish uchun viloyatliklarga qo`yilgan boj bekor qilindi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev “2017—2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, keng jamoatchilik istaklari va xalqaro ekspert jamoatchiligi tavsiyalarini inobatga olgan holda Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi va Inson huquqlari bo`yicha milliy markazining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

2020 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko`chmas mulkni olishda O`zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo`lish talab qilinmasligini ko`zda tutuvchi tartibni joriy etish;

O`zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi va respublikaning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega bo`lgan O`zbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko`chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish.

Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 aprelga qadar qonun hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilishini ta`minlaydi, unda, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutadi:

doimiy propiskaga qo`yishda Uy-joy kodeksining bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to`g`risidagi qoidalariga rioya etish bo`yicha talablar;

propiskaga qo`yish bilan bog`liq jarayonlar va ularni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mexanizmlari raqamlashtirilishini ta`minlash;

hududlarda oliy ta`limning talab yuqori bo`lgan yo`nalishlarida o`qitishni tashkil etish, shu jumladan Toshkent shahrida joylashgan etakchi oliy ta`lim muassasalarining filiallarini ochish;

2030 yilgacha urbanizasiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda respublika aholisi uchun Toshkent shahri bilan bir qatorda qo`shimcha ravishda “o`ziga tortuvchi markazlar”ni yaratish maqsadida tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega eng yirik shaharlarni belgilash.

    Boshqa yangiliklar