2020 yil 2 mart kuni soat 02:00 larda profilaktika inspektori leytenant Abbos Ro`ziqulov va profilaktika katta inspektori katta leytenant Adxam Pirnazarovlar tungi navbatchilik vaqtida yosh bolaning yordam so`rab baqirganligi ovozini eshitishadi va ovoz kelayotgan tomonga qarab yugurishadi.
U erga etib borishganida ne ko`z bilan ko`rishmasin 4- 5 yoshlar atrofidagi bola Jasorat ko`chasi 23 uyning 4 qavati balkonidan osilib turgandi. Shundan so`ng, profilaktika inspektori Abbos Ro`ziqulov profilaktika katta inspektori katta leytenant Pirnazarov Adxam va profilaktika inspektori yordamchisi Jo`rabek Barakaevlarning yordamiga tayanib 4 kavatga ko`tariladi va 2014 yilda tug`ilgan R. K ni qutqarib qoladi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Arzimagandek ko`ringan mazkur holat aslida mudhish yakun topishi ham mumkin edi, ammo tashkil etilgan tungi navbatchilik hamda profilaktika inspektorining jonbozligi tufayli bir insonning hayoti saqlab qolindi.
Ma`lumot o`rnida eslatib o`tamiz Navoiyda ikkinchi marta profilaktika inspektori jasorat ko`rsatmoqda, avvalgi safar Zarafshon shahrida mudhish jinoyatning oldi olingan edi.






