2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq uchta universitetda tajriba tariqasida masofaviy o`qitish shakli joriy etiladi.
Xususan mazkur tajriba 2020/2021 o`quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetida joriy etiladi.
Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi 2020 yil 1 avgustga qadar masofaviy o`qitish shaklini amalga oshirish tartibini belgilash, dasturiy-apparat kompleksini yaratish, tegishli oliy ta`lim muassasalarining o`quv jarayoniga masofaviy o`qitish platformasini joriy etish va o`rnatilgan tartibda zarur bo`lgan uskunalar bilan jihozlashni ta`minlash topshirildi.
Shuningdek, 2020 yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo`nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlarni yaratish choralari ko`riladi.
2020 yil 1 sentyabrga qadar ilm-fanning ishlab chiqarish bilan faol integrasiyalashuvini ta`minlash maqsadida fundamental va innovasion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag`larini ajratish mexanizmi tubdan qayta ko`rib chiqiladi.
Avvalroq dasturga muvofiq Toshkentdan uy olish uchun viloyatliklarga qo`yilgan boj bekor qilingani haqida xabar bergandik.






