BU GAL VOQEA “QAHRAMON"I OTA EMAS, BALKI...
Odatda farzandlarining moddiy ta`minoti uchun aliment to`lashdan bo`yin tovlab kelayotgan “qahramon”lar otalar bo`lishiga ko`p guvoh bo`lganmiz. Quyida keltirilayotgan sud ishi tafsilotidagi vaziyat esa bu holatning aksi, ya`ni aliment to`lashdan bo`yin tovlab kelayotgan shaxs ona...
32 yoshli ishsiz, ikki nafar farzandning onasiga nisbatan FIB Farg`ona tumanlararo sudining undiruvchi erning foydasiga hal qiluv qarori chiqqan. Hal qiluv qarorida ikki nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta`minoti uchun har qanday ish haqi va boshqa topgan daromadlaridan har oyda 1/3 qismi miqdorida javobgar onadan aliment undirish belgilangan. Mazkur holat bo`yicha FIB Farg`ona tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan undirish haqidagi sud buyrug`i ijrosi 2 oydan ortiq muddat mobaynida javobgar ona tomonidan ta`minlanmagan. Aniqrog`i, ayol jami 4.074.000 so`m aliment pullarini to`lashdan bo`yin tovlagan. Natijada Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks (MJtK)ning 474-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.
"TO`LAShGA IMKONIM YO`Q"
Ayol sudda o`z huquqbuzarlik harakatlariga to`liq iqror bo`lgan...
— 2005 yil qonuniy nikohdan o`tib turmush qurganman. Ikki nafar farzandli bo`ldik. 2018 yil oilaviy kelishmovchilik tufayli erim bilan birga yashamay qo`ydik. Shundan so`ng FIB Farg`ona tumanlararo sudining sud buyrug`iga asosan erim foydasiga oylik ish haqimning 1/3 qismi miqdorida aliment to`lab borish belgilandi. Hech qaerda ishlamaganim sababli vaqtida to`lolmadim. 102.000 so`mga baholangan telefon apparatimni va sud majlisi davomida 300.000 so`mni to`ladim. Hozirda 3.672.000 so`mni to`lashga imkonim yo`q.
Abror AKRAMOV, Toshloq tuman ma`muriy sudi raisi:
— Alimentni 2 oydan ortiq to`lashdan bo`yin tovlash uchun dastlab ma`muriy javobgarlik bor. MJtKning 474-moddasiga ko`ra, 15 sutka ma`muriy qamoq jazosini o`taydi. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 22, 30, 33-moddalari mazmuniga ko`ra, ma`muriy jazo javobgarlikka tortish chorasi bo`lib, u ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning o`zi tomonidan ham, boshqa shaxs tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida qo`llaniladi. Ana shu normadan kelib chiqib, mazkur ayolga MJtKning 474-moddasi bilan MJtKning 33-moddasini qo`llab
5 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi. MIB Toshloq tuman bo`limi tomonidan ayoldan 3.672.000 so`m aliment pullarini undirish bo`yicha ijro harakatlari olib borilayotgani inobatga olindi.
— Shu o`rinda bir savol: bolalariga moddiy ta`minot berishdan bo`yin tovlash ota yoki onalik huquqidan mahrum qilishga ham sabab bo`ladimi?
— Ota yoki onalik huquqidan mahrum qilishning 5 ta asosi bor:
1. Farzandini moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlasa, shu jumladan aliment to`lashdan.
2. Farzandlariga shafqatsiz, g`ayriinsoniy munosabatda bo`lsa, ya`ni urish, qiynash, ishlatish va hokazo.
3. Bolani tibbiy muassasalar yoki shunga o`xshash ijtimoiy yordam muassasalaridan olishdan bo`yin tovlashi. Masalan, dunyoga keltirgan chaqalog`ini olmaslik.
4. Ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka ruju qo`yganda.
5. Farzandlarining hayoti va sog`ligiga qarshi jinoyatlar sodir etganida.
— Aliment to`lashdan takror-takror bosh tortish qanday oqibatlarga olib keladi?
— Ma`muriy jazo tayinlangandan so`ng 1 yil davomida takror 2 oydan ortiq aliment to`lamaslik jinoiy javobgarlikka olib keladi. Jinoyat kodeksi(JK)ning 122-moddasiga ko`ra, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo`llaniladi.
MJtKning 29-moddasida esa ma`muriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, 3 yoshgacha bolasi bo`lgan ayollarga, 14 yoshgacha bo`lgan bolasini yakka o`zi tarbiyalayotgan shaxslarga, 18 yoshga to`lmagan shaxslarga, I va II guruh nogironlariga nisbatan qo`llanilishi mumkin emasligi belgilab qo`yilgan.
Xulosa o`rnida...
Hatto chumchuqning ham ini buzilmasin, deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, avvalo oilalar mustahkam bo`lsin, o`rtada farzandlar dunyoga kelgach, er-xotin “bir-birimizni tushunmadik”, deya oila qo`rg`oniga putur etkazmasin. Alaloqibat, voyaga etmagan farzandlar tirik etim bo`lib qolmasin.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist