“Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti OTMlarda o`zbek tili va adabiyotini o`qitish metodikasini takomillashtirish, ushbu fan o`qituvchilarining malakasini oshirish kabi yo`nalishlar bo`yicha tayanch OTM etib belgilandi.
Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga hamda hududlardagi davlat universitetlari va pedagogika institutlari huzurida bo`linmalarga ega bo`lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.
Davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, davlat tilida ish yuritish bo`yicha kurslar tashkil etish markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Markaz va uning hududiy bo`linmalarida vazirlik va idoralar, hokimliklar va xo`jalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida o`qitiladi.
Ishdan ajralgan holda ta`lim olayotgan tinglovchilarning asosiy ish joyidagi lavozimi va o`rtacha oylik ish haqi saqlanadi.
2020/2021 o`quv yilidan boshlab:
- davlat universitetlari va pedagogika institutlarida o`zbek tili va adabiyoti bakalavriat yo`nalishida sirtqi va kechki ta`lim shakli tashkil etiladi;
- universitetda “Sinxron tarjima” va “Kompyuter lingvistikasi” magistratura mutaxassisliklari bo`yicha kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, 2020 yildan boshlab "El-yurt umidi" jamg`armasi stipendiyasi tanlovlarini o`tkazishda o`zbek tili metodikasi sohasi inobatga olinadi.






