AsosiyJamiyat

Senatorlar joylardagi ekologik holatlarni o`rganishmoqda

'Senatorlar joylardagi ekologik holatlarni o`rganishmoqda'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya  qo`mita raisi Bahodir Tojiev boshchiligida ishchi guruhi tashkil etilib, ekologiya masalalari bo`yicha kelib tushgan bir qator arizalar joyiga chiqib o`rganildi.

Mirzo Ulug`bek tumani, “Elobod” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi Buyuk Ipak yo`li ko`chasida 2020 yil yanvar oyida bir qator fuqarolar tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borish vaqtida daraxtlar noqonuniy ravishda kesilganligi aniqlandi. Bu bilan O`zbekiston Respublikasining “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi Qonuni 37–moddasi qo`pol ravishda buzilgan.

Albatta, bunday huquqbuzarlik jazosiz qolmadi. Noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga joyida bayonnoma rasmiylashtirilib, ular O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy  Javobgarlik to`g`risidagi  Kodeksning 79-moddasiga asosan jami 14 718 000 so`m miqdorda jarimaga tortilgan, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi  qaroriga muvofiq o`simlik dunyosiga 67512750  so`m miqdorda moddiy zarar etkazilganligi aniqlangan.

O`simlik dunyosiga etkazilgan zarar o`rnini qoplash maqsadida ushbu hudud bo`ylab 500 dona qarag`ay daraxtini ekish ishlari tashkil etildi.

Shunga o`xshash yana bir holat - fuqaro Ibrohim Hoshimov arizasiga ko`ra, Yunusobod tumani, Chinobod ko`chasida joylashgan qurilish maydoni  o`rganildi.

Aniqlanishicha, davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma olish maqsadida “EVRO HOUSE” MChJ tomonidan  2019 yil 12 noyabrda Davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat etilgan. Uning  yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektori masalani joyiga chiqib o`rgangan va tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi  Farmoniga asosan jami 20 dona mevali va manzarali daraxtlarning kesilishiga rad javobi berilgan.

Senatining Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasi ishchi guruhi tomonidan bu erda etti qavatli turar joy majmuasi qurilayotganligi va qonun buzilish holatlari yo`qligi hamda daraxtlar kesilmaganligi aniqlandi.

 

    Boshqa yangiliklar