Birlashgan Arab Amirliklarining Ta`lim vazirligi e`lon qilishicha, koronavirus tarqalishining oldini olish uchun mamlakatdagi barcha maktablar va universitetlar to`rt haftaga yopiladi. Bu haqda WAM axborot agentligi xabar bergan.
Hozirgacha COVID-19 dunyo bo`ylab 3000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo`ldi.
BAAda bahorgi ta`til 2020 yil 29 martdan 2020 yil 12 aprelgacha davom etishi kerak edi, ammo vazirlik barcha maktablar va oliy o`quv yurtlariga 2020 yil 8 mart yakshanba kunidan boshlab to`rt hafta davomida muassasalar faoliyatini to`xtatib turishni buyurdi.
Hozirgacha BAAda 27 kishida koronavirus borligi aniqlandi, jumladan 3 mart kuni 6 ta odamga virus tashxisi qo`yilgan.
Ushbu ta`til paytida maktab va universitet binolari xalqaro standartlariga muvofiq sterilizasiya qilinadi. Ta`tilning so`nggi haftalarida ta`limning uzluksizligini ta`minlash maqsadida talabalarga masofaviy ta`lim beriladi.
Ta`lim vazirligi ota-onalarni «uyda kompyuter va internet xizmatlarini taqdim etish orqali bolalariga kerakli bo`lgan o`quv muhitini yaratishga» chaqirdi.