2020-yil 5-mart kuni O`zbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasida vaqtincha yoki doimiy ravishda istiqomat qilib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizga murojaat qildi.
“Hozirgi kunda Janubiy Koreyada muammo tug`dirayotgan koronavirus tufayli fuqarolarimiz xavotirga tushganidan xabarim bor, – deyiladi Elchixonaning barcha internet-resurslarida joylashtirilgan murojaatida. – Koreya Respublikasi Hukumati koronavirus bilan kurashish uchun zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va ilg`or tajribani qo`llagan holda virus bilan kasallangan bemorlarni qisqa muddat ichida aniqlash va ularni davolash bo`yicha barcha sa`y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Hozirda bemorlar soni ko`payib borayotgan bo`lsa ham, ammo yaqin kelajakda Koreya Respublikasi Hukumati va tibbiyot sohasi mutaxassislari virus tarqalishining kamayishiga va uning xavfini keskin susayishga ishonch bildirmoqdalar.
Bunday vaziyatda O`zbekiston fuqarolarini tashvishga tushmasdan xotirjamlikni saqlashga chaqiraman. Shu bilan birga, odamlar gavjum yig`iladigan tadbir yoki joylarga bormaslikni, ushbu virusga qarshi kurashish uchun tavsiya etilgan ehtiyot choralarini qat`iyan bajarishingizni so`rayman.
Ta`kidlash joizki, bugungi kunda O`zbekiston va Koreya Respublikasi o`rtasidagi iqtisodiy va do`stona hamkorlik har qachongidan ham jadal rivojlanmoqda. Yaqin hamkorligimiz natijasida fuqarolarimizning Janubiy Koreyada qulay shart-sharoitlarda ta`lim olishlari va ishlashlari ta`minlanmoqda.
Koreya Respublikasida inson hayotiga tahdid solayotgan koronavirusning xavfi saqlanib qolayotgan bir paytda, men, siz fuqarolarimizdan, sarosimaga tushmaslikka hamda yuqorida qayd etilgan barcha tavsiyalarga qat`iyan amal qilishlaringizni yana bir bor so`rab qolaman.
Muhtaram yurtdoshlar,
O`zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi koronavirus sababli paydo bo`layotgan muammolarni tezkorlikda bartaraf etish uchun 24 soatlik ish tartibiga o`tkazilgan. Shu bois, istalgan vaqtda biz bilan aloqaga chiqishingiz mumkinligini bildiraman”, deyiladi rasmiy murojaatda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig`iga ko`ra tuzilgan hukumat qaroriga asosan 2020 yilning 8 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi HY3553/3554 raqami bilan Seulga charter reys uyushtiradi.






