Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida Covid-19 – koronavirusning O`zbekiston turizm sohasi rivojiga ta`sirini o`rganish yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizm qo`mitasi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Videoselektor tarzida tashkil etilgan tadbirda hukumat a`zolari tomonidan koronavirus tarqalishining O`zbekistonga kirib kelishi oldini olish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar haqida tadbirkorlarga batafsil ma`lumotlar berildi. Shu bilan birga, bugungi kunda turizm sohasi sub`ektlari faoliyatida qayd etilayotgan zararlar, jumladan sayyohlik guruhlarini jalb qilish bilan bog`liq muammolar muhokamaga qo`yildi. Davlat idoralari va biznes vakillari o`rtasida ushbu muammolarni operativ hal qilish hamda ushbu yo`nalishda qo`shimcha imkoniyatlarni izlash, dolzarb muammolarga tezkor echim topishga doir muhokamalar olib borildi.
Tadbir doirasida xususiy sektor vakillari ushbu masala yuzasidan o`z fikrlarini bildirishdi. Turoperatorlar dunyoda koronavirusning ta`siri ostida yo`qotishli kelishi kutilayotgan mavsum uchun soliq ta`tilini e`lon qilish hamda avia va temir yo`l transporti chiptalari bekor qilinganligi uchun jarimalarni bekor qilishga oid takliflarini bayon qilishdi. Bundan tashqari, turoperatorlar vaqtincha bekor qilingan yo`nalishlar tufayli bo`sh turgan samolyotlarni koronavirusdan xoli bo`lgan Turkiya, Qozog`iston kabi davlatlarga hamda ichki aviaqatnovlarga yo`naltirishni taklif qilishdi. Bunda ular ushbu parvozlarni Toshkent shahri bilan birga Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlari orqali ham amalga oshirish hamda Urganch va Buxoro shaharlarini kunlik aviaqatnovlar bilan bog`lash imkoniyatlarini ko`rib chiqishni so`rashdi.
Muhokamalar yakuniga ko`ra, mutasaddi tashkilotlar tomonidan koronavirusning turizm sohasiga salbiy ta`sirini kamaytirish bo`yicha tegishli takliflar ishlab chiqilib, ularning Hukumatga kiritilishi belgilandi. Bunda ayni damda murakkab vaziyatga tushgan tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab- quvvatlash, tashqi ta`sir omilini pasaytirish maqsadida ichki turizmni rivojlantirish uchun qo`shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish, koronavirus qayd etilmagan davlatlardan sayyohlarni jalb qilishga oid qo`shimcha chora-tadbirlarni ko`rish, respublika va mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan tadbirkorlarga moliyaviy ko`mak berish imkoniyatlarini o`rganish, targ`ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish ko`zda tutiladi. Tashqi ishlar vazirligiga muayyan davlatlarda mamlakatga sayyohlarni jalb qilish choralarini soha vakillari bilan birga kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi. Mahalliy OAVga Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan birga ichki turizmga doir targ`ibotni yanada kengaytirish tavsiya etildi. Tadbir so`ngida koronavirusning sohaga ta`sirini pasaytirish yuzasidan tezkor chora tadbirlar rejasi qabul qilinishiga kelishib olindi.
Eslatib o`tamiz, xorijiy ommaviy axborot vositalarida O`zbekiston eng xavfsiz, shuningdek koronavirusdan xoli mamlakatlar qatorida qayd etilmoqda.






