AsosiyJinoyat

Taqiqlangan tashkilot vakili bo`lgan 36 yoshli ayolga hukm o`qildi

'Taqiqlangan tashkilot vakili bo`lgan 36 yoshli ayolga hukm o`qildi'ning rasmi

                                                                        "AYBIMGA IQRORMAN"

Yodingizda bo`lsa, 2019 yil “Mehr” insonparvarlik operasiyasi amalga oshirilib, Prezidentimizning topshirig`iga binoan 156 nafar vatandoshimiz – shundan 48 nafar ayol, 107 nafar bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarilgandi. Ular orasida diniy ekstremistik va fundamentalis­tik taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etgan 8 nafar farzandning onasi — 36 yoshli ayol ham bor...

U 2010 yil Ozarbayjon Respublikasi hududiga borib, u erdan “Ozarbayjon-Turkiya­Eron-Afg`oniston” yo`nalishida Pokiston Islom Respublikasi hududiga o`tadi. “Turkiston Islom Harakati” terrorchilik tashkiloti safiga qo`shilgan 4 nafar ayol, 7 nafar erkak va boshqalar bilan til biriktirib, fao­liyat olib borgan.

                                                     "FARZANDLARIM SABAB TAKLIFGA ROZI BO`LGANMAN..."

Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqrorlik bildirdi...

— 2005 yil yanvarda onamni ko`rish uchun Rossiyaning Ufa shahriga bordim. Onam 2005 yil Tojikiston fuqarosi bo`lgan 36 yoshli erkakka shar`iy nikohlab berdi. Erim namoz o`qishni o`rgatdi. Ro`mol o`rashim kerakligini aytib, Islom diniga da`vat qildi. 

2006 yilda Toshkentga keldim. Erim esa Rossiyadan Tojikistonga borib, aylanma yo`llar orqali O`zbekistonga kelgan. So`ng birga aylanma yo`llar orqali Xo`janddan ota-onasi yashaydigan qishloqqa bordik. May oyida qizim tug`ildi. Erim iyunda Rossiyaning Orenburg shahriga jo`nadi, keyin­chalik yoniga chaqirdi. Ufada ijarada yashaganmiz. 2007 yil sentyabrda o`g`lim tug`ildi.

2009 yil iyunda yana o`g`illi bo`ldik. Ikki o`g`limga Rossiya fuqarosi sifatida tug`ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirib oldik. 2010 yilning yozida erim Bokuga jo`nab ketdi. Erimning gapi bilan O`zbekis­tonga borib hujjatlarni rasmiylashtirib, Bokuga bordim. Aeroportda bizni erim kutib oldi va hammamiz Istanbulga uchdik. Keyin Eron konsulligidan ruxsat olib, Trabzon shahridan Tehronga uchdik. U erdan esa Zoxidon shahriga bordik. Bizni paranji yopgan erkak kutib oldi. Uning uyi­da asli toshkentlik bo`lgan xotini va 31 yoshli yigit bor edi. U yigit “O`zbekiston Islomiy Harakati”ning a`zosi, Eronda muhojirlarni kutib olishga mas`ul shaxs bo`lgan. Erim u yigit bilan alohida suhbatlashgach, menga “Pokistonning Vaziriston mintaqasiga ketamiz, u erda ayollar bor”, dedi. “Turkiyaga ishlash uchun olib kelgandingiz, ammo Turkiyadan Eronga, Erondan esa Pokistonga ketamiz, deyapsiz. Bormayman!” deya qarshilik qildim. Erim esa “Bolalarni tashlab, o`zing qaytib ketaver” dedi. So`ng “Hijrat”ga da`vat qilib, “boshqa ilojing yo`q. Bolalarni tashlab men bilan yurasan yoki ularsiz uyingga qaytasan”, dedi. Farzandlarimni tashlab keta olmaganim uchun taklifiga rozi bo`ldim...

2013 yilda egizak qizli bo`lgan ayolning uyiga portlovchi bombalar tashlanganida bir farzandi nobud bo`ladi. O`zi va farzandlarining pas­porti olib qo`­yilgan ayol o`z ko`rsatmasida shar`iy erining talabi bilan terror harakatlari o`chog`ining u-bu nuqtalarida ko`chib yashab yurgan. Bu orada ular yana ikki nafar qiz farzandli bo`lishgan.

— 2015 yilning fevralida erim o`sha jangari maydonlarda halok bo`ldi. 4 oy 10 kun vaqt “idda” saqlab, sentyabrda asli Namanganning Mingbulog`idan bo`lgan 46 yoshli erkak bilan shar`iy nikohdan o`tib yashadik.

2017 yil iyunda qizim tug`ildi. Sentyabrda Boygizidan Xo`ja nomuso qish­log`iga ko`chdik. 2019 yil apreliga qadar o`sha joyda yashadik. Erim majburlagani sababli farzandlarimdan ayrilib qolmaslik uchun Afg`oniston va Pokiston davlatlariga borib, “O`zbekiston Islomiy Harakati” tashkiloti a`zolari bilan birga qurolsiz harakatlanishga majbur bo`ldim... 

Aybimga iqrorman, qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.

 

Sudlanuvchi suddan farzandlarining yagona boquvchi ekani, shu bois ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlab, qonuniy engillik berishni so`ragan.

 

Boborahim AChILOV, jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudi sudyasi:

— JK 2442-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga shu modda bilan JKning 57-moddasi qo`llanilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar