Amerikaning mashhur “New York Times” nashrida fotojurnalist Toni Cenicola va Charli Uaylder muallifligida “Eng afsonaviy yo`ldagi 12 kun: Buyuk Ipak yo`li” nomli maqola chop etildi.
Maqola 2019 yil oktyabr oyida amalga oshirilgan O`zbekiston, Qirg`iziston va Tojikiston bo`ylab jurnalistlarning 12 kunlik safariga bag`ishlangan. Ushbu sayohat O`zbekiston elchixonasi va Amerika nashrlari jurnalistlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Maqolada ta`kidlashicha, “O`rta Osiyo — O`zbekiston, Tojikiston va Qirg`iziston asrlar davomida sivilizasiyaning beshigi bo`lib, yaqin vaqtgacha g`arbliklarning tashrifi qiyin yoki mumkin bo`lmagan, Aleksandrdan Chingizxongacha bo`lgan shaxslarni jalb etgan muqaddas maskandir.
Sayohatchilar maqolada bir necha avlodlar tomonidan Budda va Zardusht ibodatxonalari, qadimiy masjid va madrasalar, bozorlar, nafis tabiiy manzaralar “temir parda“ ortida qoldirilganini eslab o`tadi.
Nashrda “2016 yilda O`zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida ochila boshladi. Qo`shnilar bilan transport va logistika aloqalari yaxshilandi, vizaga cheklovlar olib tashlandi. 2018 yildan boshlab 100 dan ortiq davlatlarning fuqarolari, shu qatorda Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekiston orqali vizasiz besh kungacha parvozlarni amalga oshirishi va yangi elektron vizalar bilan yurishlari mumkin“, deyiladi.
Amerikalik jurnalistlar “O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan qo`shni davlatlar o`rtasida ko`plab chegara postlari tiklanib, mintaqa davlatlarida bir vaqtning o`zida g`arblik sayyohlar uchun qo`shimcha qulaylik yaratilganini alohida e`tirof etadi.
Maqola mualliflari Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xiva shaharlarining tarixiy va madaniy merosini alohida ta`riflaydi.
O`quvchilarni Ulug`bek rasadxonasi, Registon maydoni, Go`r-Amir maqbarasi, Shoh-Zinda maqbarasi, Labi Hovuz, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy Mag`oki-Attori masjidi va boshqa tarixiy obidalar bilan tanishtiradi.
Shuningdek, jurnalistlar sayohat davomida kuzatilgan ba`zi muammolarni eslar ekan, jumladan qo`yidagi so`zlar bilan xulosa qiladi: “Yo`l bo`yidagi sanitariya bilan bog`liq muammolarga, xalqaro kartalar uchun bankomatlarning cheklanganiga va transport bilan bog`liq ba`zi noqulayliklarga qaramay, ushbu safar bizning hayotimizdagi eng unutilmas sayohatlardan biri va biz buni hech qachon tugamaydi deb umid qilardik”.