O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish to`g`risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
Loyihaga ko`ra, fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlanadi.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish bilan bog`liq harakatlar:
- Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 2020 yil 1 iyuldan;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda – 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
2020 yil 1 iyulgacha bo`lgan muddatda — ariza beruvchilar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali doimiy propiska bilan bog`liq harakatlarni amalga oshirish mexanizmini joriy qilinishi belgilanmoqda.
Ichki ishlar vazirligi ushbu qarorning qo`llanilishi yuzasidan monitoring olib boradi va tahlil qiladi hamda zaruriyat bo`lganda, doimiy propiska bilan bog`liq idoralararo ma`lumot almashinuvi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.
2021 yilning 1 yanvariga qadar:
- O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining «Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma`lumotlar bazasi» tizimini joriy etish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari bo`limlarini himoyalangan yagona tarmoqqa ulanish;
- Ichki ishlar vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Mudofaa vazirligining «Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma`lumotlar bazasi» avtomatlashtirilgan tizimni «Manzil» hamda «Xorijga chiqish pasporti» tizimlari bilan integrasiya qilishni ta`minlanadi.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot tizimini Oliy sud axborot tizimi bilan integrasiya qilish choralari ko`riladi.