Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan Oltinsoy tumanida davlat idoralari va mahalliy aholi o`rtasidagi kelishmovchiliklar aks etgan videolavhadagi holatlar yuzasidan mazkur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi.
Aniqlanishicha, tumandagi fermer xo`jaliklariga tegishli 6,4 gektar sug`oriladigan er maydoni talon-toroj qilinib, shundan 1,4 gektari fermer xo`jaliklariga qaytarilgan bo`lsa, 5 gektarni qaytarish uchun ta`sirchan choralar ko`rilmaganligi sababli, bu ekin maydonlari fuqarolar tomonidan uzoq muddatdan beri egallab olinib, turli maqsadlarda foydalanib kelganligi oqibatida 436,9 mln. so`m davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon etkazilgan.
Xususan, Oltinsoy tumani “Xalqobod” mahallasi hududida joylashgan “Oq oltin manzarasi” fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan sug`oriladigan paxta va g`allaga mo`ljallangan er maydonidan shu mahallada yashovchi fuqarolar B.Muxammadiev, D.Muxammadiev, F.Nurov, S.Muxammadiev, M.Sattarova va A.Safarovlar tomonidan jami 0.39 gektari noqonuniy ravishda o`zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy qurilgan.
Mazkur er maydonlarini qaytarish maqsadida joriy yilning 14 fevral kuni soat 15-00 larda ishchi guruhi a`zolari “Xalqobod” mahallasiga borganida yuqoridagi fuqarolar va ularning yaqinlari qo`llarida bo`lgan tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan ishchi guruhi oldiga chiqib, hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlari tomonidan tushuntirilishiga qaramasdan fuqarolar ularga qarshilik ko`rsatishgan.
Natijada, 3 nafar IIB xodimi “engil” tan jarohati olgan.
Mazkur holatlarda mansabdor shaxslar tomonidan o`z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo`lishi oqibatida sug`oriladigan er maydonlari talon-toroj qilingan hamda Oltinsoy tuman IIB xodimilariga tan jarohati etkazilgan.
Shunga ko`ra, mansabga sovuqqonlik bilan qarash va qasddan badanga engil shikast etkazish jinoyatlari alomatlari mavjudligi hamda dastlabki tergov harakatlari o`tkazish lozimligini inobatga olib, holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi va 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid: IIV Oltinsoy tumanida fuqarolar tomonidan jamoat tartibini buzish holati yuzasidan ma`lumot berdi.
Oltinsoydagi to`qnashuv yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi
Oltinsoy aholisi va IIB xodimlari o`rtasidagi mojaro yuzasidan hokim hududga tashrif buyurdi (video)
Deputat Oltinsoydagi “snos” mashmashasi haqida: “Xalq bo`lmasa davlat ham bo`lmaydi”