AsosiyJamiyat

Farmagentlik: tibbiyot niqoblarini tibbiy buyumlar ro`yxatidan chiqarish kerak

'Farmagentlik: tibbiyot niqoblarini tibbiy buyumlar ro`yxatidan chiqarish kerak'ning rasmi

Joriy yilning 18 mart kuni Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligida tibbiy buyumlar va gigienik vositalar ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari, tekstil sanoati vakillari va distribyutorlar bilan kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Unda Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariev koronavirus pandemiyasining tarqalishi bilan bog`liq vaziyat borasida so`z yuritib, kasallikka qarshi kurash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligini aytib o`tdi. Bunda, himoya niqoblarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish bilan birga ularning sifatiga ham e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi.

Aholining himoya niqoblariga bo`lgan ehtiyojini qondirish maqsadida, yig`ilishda ishtirok etgan tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxona rahbarlari,tekstil sanoati vakillari va distribyutorlar o`zaro hamkorlikda ish olib borishga kelishib olishdi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekistonda tibbiy buyumlar, aynan tibbiyot va gigienik yuz niqoblarini ishlab chiqaruvchi 20 ta korxona mavjud. Shuningdek, mamlakatimizda respirator ishlab chiqaruvchi korxonalar ham mavjud bo`lib, ularning barchasida ishlab chiqarish quvvati kuchaytirilgan va uzluksiz tartibda ishlab turibdi.

Shuningdek, ishlab chiqarishga qo`shimcha ravishda tekstil korxonalar ham dokadan qatlamli gigienik niqoblarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan.

“O`ztekstilsanoat” uyushmasiga a`zo korxonalar uch turdagi himoya niqoblarining ishlab chiqarilishini kuniga 2 million donaga etkazmoqda.

Sog`liqni saqlash vazirligi buyrug`iga binoan, tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro`yxatiga kiritilgan edi. Hozirda, tibbiyot niqoblarini ushbu ro`yxatdan chiqarish bo`yicha mazkur buyruqqa o`zgartirish kiritilmoqda. Maqsad himoya niqoblarini ishlab chiqarish jarayonini soddalashtirish va ishlab chiqarishni yanada oshirish.

Tibbiyot xalatlari (kombinezon) ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 4 ta bo`lib, hozirda ular kuniga 7 ming dona kombinezonlar ishlab chiqarmoqda. Ushbu korxonalarning ishlab chiqarish quvvati kuniga 18 ming dona. Ayni damda ushbu mahsulotga ehtiyoj ortgani tufayli, yaqin kunlarda ular to`la quvvatda ishlay boshlaydi.

    Boshqa yangiliklar