AsosiyJamiyat

IIV dezinfeksiyani bahona qilib, xonadonlarga kirayotganlardan ogohlantirmoqda

'IIV dezinfeksiyani bahona qilib, xonadonlarga kirayotganlardan ogohlantirmoqda'ning rasmi

Ma`lumki, koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida mamlakatimizda karantin e`lon qilindi. Ommaviy axborot vositalari aholiga nafaqat kasallik, undan qanday saqlanish haqida, balki bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida ham uzluksiz ma`lumot berib bormoqda.  

Davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o`rtasida sarosimaga  yo`l qo`ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishini to`xtatishdir. Biroq shunday kimsalar borki, bunday vaziyatdan o`z g`arazli maqsadlari yo`lida foydalanib qolishga harakat qilishadi. Ularning asosiy nishoni aholining eng zaif qatlami bo`lgan qariya va bolalar ekani achinarli holat, albatta. Bu haqda IIV ogoh etmoqda.

Kattalar ishda bo`lgan vaqtda bolalar va qariyalar uyda yolg`iz qolishadi. Ular juda ishonuvchan, shu bois nopok insonlar uchun aldash qiyinchilik tug`dirmasligi mumkin.  

Shuning uchun katta yoshdagilardan begonalarni uyga kiritmaslikni iltimos qilamiz, xatto ular koronavirus infeksiyasiga qarshi dezinfeksiya ishlarini o`tkazishimiz kerak, degan holatda ham ishonmaslikka chorlaymiz, chunki bu jinoyat maqsadida keltirilgan bahona bo`lishi mumkin.

Bu kabi talab bilan uyingizga biron bir kimsa kelgan taqdirda “102” qisqa raqamiga yoki hududingizda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektoriga qo`ng`iroq qilishingizni so`raymiz.

O`zingizni, o`z hayotingiz va mulkingizni tajovuzkorlardan asrang!

P.S. Shu o`rinda yurtdoshlarimizga eslatib o`tamiz:

- asoslanmagan ma`lumotlarga ishonmang, xabarlar bilan rasmiy manbalar orqali tanishing;

- o`tkinchi hissiyotlarga berilmang, vahima va sarosimaga tushmang, bugungi harakatlaringiz oqibatida ertaga tanishlaringiz yoki oilangiz oldida uyalib qolishingiz mumkin;

- vaziyatdan foydalanib, shaxsiy manfaat yo`lida g`araz maqsadlarni ko`zlamang, har bir noqonuniy xatti-harakatingiz uchun javob berishingizni unutmang;  

- mamlakatimizdagi barqarorlikni izidan chiqarish niyatida bo`lgan yovuz niyatli kuchlarning o`yinchog`iga aylanib qolmang. Unutmangki, har bir holat zudlik bilan aniqlanadi, aybdorlarga nisbatan qonuniy tartibda qat`iy chora ko`riladi.

Barcha savollaringiz bo`yicha alohida faoliyat ko`rsatayotgan 1003 raqamli tezkor aloqa tarmog`iga murojaat qiling. Aniq axborotni ijtimoiy tarmoqlardagi @koronavirusinfouz rasmiy manzilidan bilib olishingiz mumkin.

Boshqa yangiliklar