Bugun, 12 dekabr kuni Samarqandda kelin o‘zini 8-qavatdan tashlab joniga qasd qilgani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Hayot Shamsutdinov darakchi.uz'ga ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2001 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro M.G. 2024 yilning 11 dekabridan 12 dekabriga o‘tar kechasi soat 23:00 atrofida o‘zini Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasidagi yashash xonadonining derazasidan pastga tashlab, o‘z joniga qasd qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB navbatchilik qismi tomonidan Samarqand shahar prokuraturasiga berilgan xabar asosida hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqishgan.
Tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, hodisa guvohi bo‘lgan shaxslardan batafsil tushuntirish xatlari olingan.
Shuningdek, marhuma M.G.ning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganligi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ma’lum qilinadi.