Germaniya hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralarini keskinlashtirdi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel 22 mart, yakshanba kuni, ma`lum qildi.
Xususan, fuqarolarga ikkitadan ortiq kishidan iborat guruh bo`lib to`planish taqiqlandi. Faqat bir oila a`zolari va umumiy uy xo`jaligi bilan shug`ullanuvchilar bundan mustasno. Hukumat shaxsiy aloqalarni kamaytirishni va jamoat joylarida bir-biridan masofa saqlashni tavsiya qilmoqda. Ushbu taqiq yaqin 2 hafta davomida amalda bo`ladi, uning ijrosini ta`minlashni polisiya nazorat qiladi. Shuningdek, restoranlar va sartaroshxonalarni ham vaqtincha yopishga qaror qilingan.
Germaniya COVID-19 pandemiyasidan eng ko`p zarar ko`rgan 5 ta mamlakatdan biridir. Jons Xopkins universiteti ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatda koronavirusdan qariyb 24 ming kishi kasallangan, 92 nafari vafot etgan.