AsosiyJamiyat

Yangi tizim: Nogironlik qanday tartibda belgilanadi?

Yangi tizimda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaviy omillar qanday bartaraf etiladi?

'Yangi tizim: Nogironlik qanday tartibda belgilanadi?'ning rasmi

 Prezidentimizning 2024 yil 16 iyuldagi tegishli qaroriga ko‘ra, yangi tizim 2024 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025 yil 1 sentyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida amaliyotga tatbiq etilishi belgilangan.

Shu asosda fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. 

SSV Matbuot xizmati  bu jarayon qanday tartibda amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi.

— Nogironlikni belgilashda tumanlararo va tuman tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) ko‘rigi xulosasi asos bo‘ladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Baxodir Karimov. 

 — TIEK ko‘rigidan o‘tish uchun fuqaro yoki uning qonuniy vakili o‘z xohishiga ko‘ra tibbiyot muassasasiga, oilaviy shifokorga, “Inson” markaziga, ijtimoiy xodimga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali murojaat qiladi.

Qabul qilingan murojaat bir ish kunida fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) yuboriladi. Poliklinika murojaatni oilaviy shifokorga o‘rganish uchun taqdim etadi.

Oilaviy shifokor fuqaroning tibbiyot muassasalarida davolanganligiga oid tibbiy hujjatlari mavjudligini hamda TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun asoslar bor yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Arap lozim deb topilsa, murojaatchi qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tish va davolanish uchun yo‘naltirilishi mumkin. 

Oilaviy shifokor yo‘llanmani elektron shakldagi kasallik tarixi va (yoki) ambulator kartadan ko‘chirma bilan birgalikda bir ish kuni ichida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi.

Agar nogironlikni belgilash uchun yo‘llashga asos bo‘lmasa, bu haqda murojaatchiga sabablari ko‘rsatilgan holda avtomatik ravishda "SMS" boradi.

 Yo‘llanma TIEKga yuborilgach, fuqaroga bu haqda “SMS” xabar yuboriladi. Ariza my.gov.uz portali orqali qabul qilingan bo‘lsa, yo‘llanma ariza beruvchining ushbu platformadagi shaxsiy kabinetiga avtomatik yuboriladi va tegishli TIEK tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Fuqaro TIEK xabarnomasini qabul qilib olgandan so‘ng ko‘rikdan o‘tish joyiga belgilangan vaqtda yetib keladi. 

Fuqaro sog‘ligi holati bo‘yicha TIEKdan ko‘rikdan o‘tish uchun bora olmagan taqdirda, sog‘ligining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi.

Yakuniy bosqichda, tegishli mezonlarga to‘g‘ri kelgan taqdirda, nogironlik sababi, muddati, tibbiy tavsiya va xulosalar inson omili aralashuvisiz, avtomatik tarzda belgilanadi. 

Bir so‘z bilan aytganda, yangi tizim sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, turli ovoragarchiliklarning oldini oladi.

    Boshqa yangiliklar